18 dekabr kuni Istanbuldagi Yildiz Texnik universitetida «Yangi O‘zbekiston — yangi g‘oyalar!» shiori ostida «O‘zbekiston yoshlari forumi — Turkiya» tadbiri o‘tkaziladi. Bu haqda forum tashkilotchilari «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Mazkur tadbir 18−25 dekabr kunlari «O‘zbekiston yoshlari forumi — 2021» doirasida O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakilligi tomonidan O‘zbekistoning Turkiyadagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

«Forumni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad — Turkiyadagi o‘zbekistonlik yoshlarda vatanparvarlik ruhini oshirish, O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga daxldorlik hissini oshirish va mamlakatimizda yoshlarga oid siyosatni rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shish hamda bu borada ularning faolligini oshirishdan iborat», — deyiladi tadbir press-relizida.

Forum doirasida Turkiyadagi o‘zbekistonlik tashabbuskor yoshlar va guruhlarning taklif va rejalarini o‘rganish va ularni munosib rag‘batlantirish maqsadida Yoshlar simpoziumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Simpoziumda O‘zbekistonning Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotiy va ta’sirchan milliy g‘oyaga aylanlantirishda yosh olimlarning ilmiy va amaliy yondashuvlari, kelajak liderlari bo‘lib yetishishining zamonaviy tamoyillari, dunyoda «New Media» deb nom olgan axborot vositalarining yangi trendlari va madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan ijodkorlarning firk almashinuvlari o‘rin olgan.

Forum davomida Turkiyadagi o‘zbekistonlik ijodkor yoshlari ko‘rgazmalari, viktorina va sovrinli o‘yinlar o‘tkazish, faol talaba-yoshlarni taqdirlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Turkiyada tahsil olayotgan yoshlar va O‘zbekistondan tashrif buyurgan rasmiy vakillar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etiladi. Turkiyadagi o‘zbekistonlik talaba yoshlarning O‘zbekiston yoshlariga murojaati e’lon qilinadi.

Shu bilan bir qatorda, forum ishtirokchilarining kiritgan loyihalarini ko‘zdan kechirish va tanlab olish, shuningdek, ularni yoshlarga doir qabul qilinishi kutilayotgan O‘zbekiston hukumati qarori uchun taklif sifatida kiritish mo‘ljallangan.

Tadbir yakunida forumda faol ishtirok etgan yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi va gala-konsert taqdim etiladi.