Yevropa Ittifoqi yetakchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishga qaror qildi

Yevropa Ittifoqi (YeI) Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni yana olti oyga uzaytiradi. YeIning 27 davlati prezidentlari va hukumat rahbarlari shunday qaror qabul qilgan. Cheklovlar 2014 yilda «Rossiyaning Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtiruvchi harakatlariga» javoban kiritilgan edi, shundan beri sanksiyalar muntazam ravishda uzaytirilib kelinmoqda. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

«Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilish kontekstida yetakchilar sanksiyalarni yana olti oyga, 31 iyulga qadar uzaytirishga kelishib oldi», deyiladi xabarda.

Oxirgi marta YeI Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni iyul oyida uzaytirgan edi. Sanksiyalar Rossiyaning ayrim banklari va kompaniyalarining YeIning asosiy va ikkilamchi kapital bozorlariga kirishini cheklaydi, shuningdek, bir qator boshqa cheklovlarni ham joriy qiladi. Bundan tashqari, «Rossiya tomonidan Qrim va Sevastopol noqonuniy anneksiya qilingani uchun» (2022 yilning iyunigacha uzaytirilgan), kimyoviy qurol ishlatganlik uchun (2022 yil oktabrgacha), inson huquqlarini buzganlik uchun (2022 yil dekabrigacha) sanksiyalar ham mavjud.


Yaponiyadagi kasalxonada chiqqan yong‘inda 24 kishi halok bo‘ldi

Yaponiyaning Osaka shahrida sodir bo‘lgan yong‘in qurbonlari soni, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 24 kishiga yetdi, deb yozadi RIA Novosti.

Yong‘in Osaka vokzali yaqinida joylashgan sakkiz qavatli terapiya klinikasining to‘rtinchi qavatida sodir bo‘lgan. Yong‘in 20 kvadrat metrga yaqin maydonga tarqaldi. Politsiya yong‘in qasddan uyushtirilgani haqidagi taxminlarni istisno qilmadi.


Xitoy AQShni savdo qoidalarini buzganlikda aybladi

Xitoy AQShni mamlakatning sakkizta texnologiya kompaniyasiga qarshi sanksiyalar qo‘ygani uchun tanqid qildi. Pekin Vashington savdo qoidalarini ochiqdan-ochiq buzdi va ilm-fan rivojiga to‘sqinlik qildi, deb hisoblashini ma’lum qilgan. Bu haqda Kommersant’ nashri ma’lum qildi.

Xitoyning AQShdagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pen’yuyning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy AQShni sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha «noto‘g‘ri amaliyotni zudlik bilan to‘xtatishga» chaqirmoqda. Diplomatning ta’kidlashicha, Pekin Xitoy korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘rishini qayd etdi.

Vakilning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z harakatlari bilan «erkin savdo qoidalarini qo‘pol ravishda buzmoqda, jahon sanoat va qiymat zanjirlari xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi». Bundan tashqari, Vashington ilm-fan va texnologiya rivojiga ham to‘sqinlik qilmoqda, shuningdek, «barcha mamlakatlardagi odamlarning farovonligi va manfaatlariga jiddiy putur etkazmoqda».


Janubiy Koreya koronavirus tufayli cheklovlarni kuchaytiradi

Janubiy Koreyada oxirgi uch kundan beri ketma-ket 7 mingdan ortiq yangi COVID-19 holatlari aniqlandi. Shu sababli 18 dekabrdan boshlab mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun cheklovlarni kuchaytiriladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Xususan, kasalliklarni nazorat qilish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri kasallanganlar soni 551,5 ming nafarni tashkil qildi.
Bir kun avval 7,6 mingta, chorshanba kuni esa 7,8 mingta yangi koronavirus holati aniqlangan. 971 kishi og‘ir kasallar qatoriga kiritilgan. 73 kishi vafot etgan va pandemiya davrida jami o‘lganlar soni 4591 kishiga yetgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyada COVID-19'dan o‘lim darajasi 0,83% darajasida qolmoqda. Janubiy Koreyada 38 mingga yaqin odam hozir uyda kasal holda ekanligi aytildi. 52 million aholiga ega mamlakat aholisining 81,7 foizi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.