Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari o‘zbekistonlik 28 yoshli MMA jangchisi Bunyod To‘xtayevni qidirmoqda. Bu haqda Spbdnevnik xabar qildi.

OAVning ma’lum qilishicha, 8 dekabr kuni Peterburgning Yakorniy ko‘chasida «E» tezkor markazining ikki xodimi sportchini qo‘lga oladi.

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarida gumondorning QR-kodlar va migratsiya hujjatlari savdosiga aloqadorligi yuzasidan shubha qilishga asoslar bo‘lgan. Sportchi va xodimlar avtomobilga o‘tirganida, u politsiyachini urib, mashina salonidan qochib chiqadi. Biroq ko‘p o‘tmasdan qo‘lga olinadi.

«Mushtumzo‘r 52-politsiya bo‘limiga olib kelinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun dalillar to‘plandi. Biroq 9 dekabr kuni kunduzi 11 lar atrofida To‘xtayev politsiya bo‘limidan qochib ketadi. Tergov bo‘limiga olib ketilishini kutmadi. Taxminlarga ko‘ra, kameradan sezdirmasdan chiqib, kirish eshishiga keladi va qochib ketadi», — deyiladi xabarda.

Hozirda sportchi qidirilmoqda.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek millatiga mansub rossiyalik MMA jangchisi Akmal Xojiyev AQShda koronavirusga qarshi emlash zarurati bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli shifokorni o‘ldirib qo‘ygan edi.