«Qo‘yliq» bozorini ko‘chirish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston hukumati tomonidan 2017 yildayoq qabul qilingan edi. Bu haqda «Gazeta.uz» tanishib chiqqan Vazirlar Mahkamasining farmoyishida so‘z borgan.

Poytaxtning eng yirik bozorlaridan biri ko‘chirilishi haqidagi xabarlar tarqalganiga bir necha kun bo‘ldi (ko‘chirish to‘g‘risidagi xabarlar bir necha yil avval ham tilga olingandi). Shahar hokimligi bunday qaror Toshkent halqa yo‘lini kengaytirish va uning ustidan o‘tadigan chorrahalarni keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish rejalari bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Hokimiyat tez fursatlarda loyiha haqida batafsil ma’lumot berishga va’da berdi.

Qo‘ylik bozori qayerga ko‘chiriladi?

Payshanba kuni bozor Qo‘yliqdan 6,5 km uzoqlikda, Toshkent viloyatida (lokatsiya) joylashgan Food City savdo majmuasiga ko‘chirilishi haqida xabarlar tarqaldi. U mamlakatdagi birinchi qishloq xo‘jaligi klasteri va zamonaviy savdo maydonchasi hisoblanadi.

Food City vakilining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, xalqaro tajriba o‘rganilgach, bozorni poytaxt tashqarisiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan.

«Agar xalqaro tajribaga qaraydigan bo‘lsak, unda barcha bozorlar shahar tashqarisida joylashganini ko‘rishimiz mumkin. „Qo‘ylik“ — bu oziq-ovqat mahsulotlarini Toshkent bo‘ylab taqsimlovchi markaz. Ko‘plab kichik do‘konlar bu yerda mahsulot xarid qiladi va ularni uylar oldidagi do‘konlarda sotadi. Transport oqimining ko‘pligi esa yo‘llarda tirbandliklar hosil bo‘lishi sabab bo‘ladi», — deya ta’kidladi kompaniya vakili.

U shuningdek, Qo‘ylik bozorida ishlaydiganlar yangi bozorda joy ajratishda ustuvorlikka egaligini aytdi. Ularga poytaxt hokimligi tomonidan savdo joyi uchun o‘rnatiladigan ijara pulidan 80 foizlik chegirma taqdim etiladi.

Kun.uz nashrining yozishicha, savdo markazidagi do‘konlar iyul oyidan boshlab ijara sifatida taklif etila boshlangan. Ijara puli 50 mlndan 100 mln so‘mgachani tashkil qilgan. Majmua vakili esa bu boshlang‘ich narx ekanligini, 100 mln so‘mdan ko‘proq mablag‘ garov sifatida talab etilishi, oylik ijara puli esa 3,5 mln so‘mni tashkil etishini aytgan.

Food City vakilining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, yangi bozordan uzoqroqda istiqomat qiluvchi iste’molchilar, shu jumladan, eng yaqin metro bekatlaridan bepul avtobus yo‘nalishlarini joriy etish rejalashtirilgan. Hozirda harakatlanish sxemasi ishlab chiqilmoqda va zarar avtobuslar soni aniqlashtirilmoqda.

Hukumat farmoyishida nimalar qayd etilgan?

«Gazeta.uz» o‘rganib chiqqan Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi buyrug‘ida «Bektemir Nur agro» va «Tursunov Ulug‘bek agro» fermer xo‘jaliklariga qarashli bo‘lgan 55 gektar maydonni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash korxonasi, dehqon (oziq-ovqat) bozori, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji savdosi majmuasi, yirik savdo majmuasi (gipermarket), shuningdek, avtomobil to‘xtash joyi va avtobus bekati qurilishi uchun ajratish nazarda tutilgan.

Majmuani qurish taklifi Toshkent viloyati hokimligi, Davlat soliq qo‘mitasi va «Toshkentvino» kombinati tomonidan bildirilgan.

Qurilish maqsadlari sifatida «Toshkent shahri aholisini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, zamonaviy talablarga javob beradigan qulayliklar yaratish va xizmatlar ko‘rsatish, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini respublikaning boshqa hududlaridan tez va arzon yetkazib berish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va eksport qilish hajmini oshirish» ko‘rsatilgan.

Yangi majmuaning ochilishi 2019 yilga mo‘ljallangan edi. Qurilish buyurtmachisi sifatida «Toshkentvino» kombinati tanlangan, bosh pudratchi esa — «O‘zagrosanoatloyiha» hisoblanadi. Loyiha prezidentga ham taqdim etilgan.

Farmoyishda qayd etilishicha, qurilish ishlari yakunlangach, savdo bilan shug‘ullanuvchi va Qo‘ylik dehqon bozori hududida xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar (fermer va dehqon xo‘jaliklari) yangi kompleksga ko‘chiriladi.

Food City


Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, Food City`ga 2017 yil 5 dekabrda Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida tashkil etilgan Food City Tashkent egalik qiladi. Asosiy faoliyat turi — noturar joylar boshqaruvi va ijarasi hisoblanadi.

Uning ta’sischilari qatoridan Procab (60,7%), «Trastbank» kompaniyasi Trast Leasing (26%) va «Toshkentvino» (13,3%) o‘rin olgan. Rahbari esa Dilshod Xabibullayevich Samigov.



Procab kabel va sim mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyaning 47,8% ulushi Inter Alltech Limited Kompaniyasi`ga tegishli (Google orqali qidiruvlar «Alltek» Rossiya kompaniyalar guruhiga qarashli ekanini ko‘rsatmoqda). 26,1% ulushga Dilmurodjon Batirovich Parpiyev egalik qilsa (otasining ismi va familiyasi DSQning sobiq rahbari Botir Parpiyevning ism va familiyasi bilan bir xil), qolgan 26,1% ulush Toxir Miraximovich Sharipovga qarashli.

Dilmurod Parpiyev va Tozir Sharipov shuningdek, Inco-Construction (Inco kompaniyalar guruhi), Alutex, Inco Invest, Furnir va Presystem Universal kompaniyalarida teng (50%) ulushlarga ega.

«Toshkentvino»ning eng yirik aksiyadorlari qatoridan — 31,4% ulush bilan Buyuk Britaniyaning Virjiniya orollaridagi Fruit Industrials S. A. kompaniyasi o‘rin olgan.

Sotuvchilarning noroziligi

Payshanba kuni bozor ko‘chirilishi haqidagi xabarlar ortidan internetda Qo‘ylik bozori avtoturargohiga mashinalar kiritilmayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Lavhalarda bir guruh odamlar bozor oldidagi yo‘lni to‘sishga urinayotganini ko‘rish mumkin. Bu borada rasmiy munosabat hozircha bildirilgani yo‘q.

Bozor ishchilarining Kun.uz`ga bergan intervyusida bozor ko‘chirilishi mijozlar yo‘qotilishi va savdo-sotiqning tushib ketishi, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi faol sotilayotgan mavsum davrida bu salbiy ta’sir ko‘rsatishini ma’lum qilgan.

Ular juda yuqori ijara narxidan va binolarning maydonlari kichikligi sabab mahsulotlarni saqlash uchun yetarlicha joy mavjud emasligidan, shuningdek, avtobus va metro yo‘nalishlarining yetishmasligi tufayli bozorga yetib olishda qiyinchiliklar tug‘ulishidan shikoyat qilgan. Savdogarlarning fikricha, ko‘chirilish tufayli ko‘pchilik daromadini yo‘qotadi va mahsulot narxi oshib ketadi.