«Qo‘yliq» dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydonlari boshqa joyga ko‘chiriladi, deb xabar qildi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Bu Toshkent halqa yo‘lini kengaytirish va mazkur hududda ko‘prik qurish ishlari bilan bog‘liq.

«Ko‘chirish rejasi poytaxtdagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish va tirbandlikning oldini olish maqsadida bajarilmoqda», — deyiladi xabarda.

Hozircha poytaxtdagi eng yirik bozorlardan birini qayerga ko‘chirish rejalashtirilgani ma’lum qilinmagan. Hokimlik loyiha tafsilotlari haqida keyinroq ma’lumot berish niyatida ekanini bildirmoqda.