Xitoy kompaniyasi Farg‘ona viloyatida innovatsion texnopark hamda quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 7 dekabr kuni Xitoyning Fht Future Technology kompaniyasi vakillari Li Venjin va Chen Xingyang hamda kompaniyaning O‘zbekistondagi hamkorlaridan iborat investorlar guruhini qabul qildi.

Unda, kompaniya ijrochi direktori Li Venjin Farg‘onada amalga oshirish ko‘zlanayotgan yirik investitsion loyihani taqdim etdi.

Loyihaga ko‘ra, Fht Future Technology kompaniyasi Farg‘ona viloyatida 25 gektar maydonda innovatsion texnopark hamda 350 mln dollar investitsiya hisobiga 500 gektar maydonda quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etishni rejalashtirmoqda. Stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi texnoparkda joylashtiriladigan xorijiy korxonalarni ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Texnoparkda zamonaviy innovatsion texnologiyalarga asoslangan mahsulotlar, shu jumladan dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari ishlab chiqarish maqsad qilingan. Shuningdek, yuqori sifatli sement ishlab chiqarish loyihasi ham taqdim etildi.

Xayrullo Bozorov loyihaning har bir bandi bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish yuzasidan investorlar vakillari va viloyat mutasaddilaridan iborat ishchi guruh tuzish taklifini bildirdi.

U shuningdek, cho‘l zonalardagi qum va toshloq, suvsiz yerlarda loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.