Rossiyaga Afrika davlatlari va Gongkongdan kelgan fuqarolar 14 kunlik karantinga olinadi

«Rospotrebnadzor» rahbari Anna Popova Rossiyaga Afrikaning to‘qqiz davlati va Gonkongdan kelgan har bir kishi uchun ikki haftalik majburiy karantin joriy qilinishini ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Ro‘yxatga Botsvana, Zimbabve, Lesoto, Madagaskar, Mozambik, Namibiya, Tanzaniya, Esvatini, Janubiy Afrika va Gonkong kiritilgan. Ushbu mamlakatlardan kelgan har bir kishi 14 kun davomida izolyatsiya qilinishi va ikki marta koronavirus uchun PSR-testlaridan o‘tishi kerak.


Janubiy Koreyada koronavirusning omikron shtamiga chalinganlar soni 36 nafarga yetdi

Koreya Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish agentligi (KDCA) ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreyada omiron shtammining tasdiqlangan holatlari soni 36 taga yetdi.

KDCA ma’lumotlariga ko‘ra, 12 ta yangi holatdan uchtasi chet eldan kelgan fuqarolarda, to‘qqizta infeksiya esa virusning mamlakat ichida yuqishi natijasida yuzaga kelgan. Hozirda yana yetti kishi testdan o‘tkazilmoqda.


Burundida qamoqxonada yuzaga kelgan yong‘inda 40 ga yaqin odam halok bo‘ldi

Burundi poytaxti Gitega shahridagi qamoqxonada sodir bo‘lgan yong‘inda 38 kishi vafot etdi, 69 kishi og‘ir yaralandi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Qayd etilishicha, kamida ming nafar mahbus saqlanayotgan qamoqxonada yong‘in ertalab soat 4 da kelib chiqqan. Qizil Xoch xodimlari va o‘t o‘chiruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib kelishgan, biroq binoni tezda tark etishgan.


Belarusda pirotexnika vositalari sotilishiga ruxsat berildi

Belarus hukumati 2020 yil avgust oyida prezidentlik saylovlaridan keyingi norozilik namoyishlari fonida kiritilgan pirotexnika mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi.

Belarus Respublikasi Vazirlar Kengashining 2020 yil 11 avgustdagi 475-sonli «Pirotexnika mahsulotlarining muomalasi to‘g‘risida»gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin», deyiladi hukumat farmoyishida.


Cudanda noma’lum qurolli shaxslar hujumi oqibatida 48 kishi halok bo‘ldi

Sudanning G‘arbiy Darfur shtatining Jebel-Mun hududida noma’lum qurolli shaxslar tomonidan uyushtirilgan hujumda kamida 48 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Guvohlarning aytishicha, qurollangan odamlar Kereinek shahrini o‘rab olib, uni og‘ir qurollardan o‘qqa tuta boshlagan, so‘ngra qochqinlar lagerini yoqib yuborgan. Sudan Shifokorlar markaziy qo‘mitasi hujum natijasida 48 kishining jasadi va yana ko‘p yaradorlar topilganini aytdi.

Oxirgi bir oy ichida Jebel-Mun hududi jami 100 ga yaqin kishining o‘limiga sabab bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlar markaziga aylandi.


AQSh inson huquqlari buzilgani uchun Pekin Olimpiadasiga diplomatik boykot e’lon qildi

AQSh hukumati 2022 yilgi Pekin Olimpiadasini diplomatik boykot e’lon qilishga qaror qildi. Rasmiy amaldorlar o‘yinlarga bormaydi, dedi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.

XXRning Shinjondagi genotsidni va boshqa inson huquqlari buzilishini inobatga olgan holda, Bayden ma’muriyati Pekinda 2022 yilgi qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga diplomatik yoki rasmiy delegatsiya yubormaydi.

Bu qaror sportchilarga ta’sir qilmaydi — AQSh terma jamoasi hali ham Olimpiadada qatnashishi mumkin. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) AQSh rasmiylarining qarorini hurmat qilishini ma’lum qildi: «Shu bilan birga, ushbu bayonot Olimpiada va sportchilarning ishtiroki siyosatdan tashqarida ekanligini ko‘rsatadi va biz buni olqishlaymiz «.