Aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi ijrosini samarali tashkil etish hamda ipoteka kreditlash masalalari ko‘rib chiqilgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev ipoteka uchun budjetdan ajratilgan 1,1 trln so‘mlik subsidiyalarning 220 mlrd so‘mi, ya’ni bor-yo‘g‘i 20 foizi ishlatilganini ma’lum qildi.

Hozirda Respublika bo‘yicha 36 mingdan ziyod ijobiy xulosasi bor oilalarga 900 milliard so‘mdan ziyod subsidiyalar to‘lanmay turibdi.

Shuningdek, yig‘ilishda viloyat hokimlari va ularning uy-joy qurilishi bo‘yicha o‘rinbosarlarining qurilish bo‘yicha pudratchi tanlash masalaci haqida ham aytib o‘tilgan.

«Viloyat hokimlari va ularning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari uy-joy qurilishi uchun pudratchi tanlashda 2−3 ta tashkilot bilan cheklanmoqda. Nimaga desang, hammasi o‘zining odami. Qani qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligi?» — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Shularni inobatga olib, keyingi yildan davlat hisobidan bajariladigan qurilishlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizim yaratilib, bosh prokuror o‘rinbosari boshchiligida respublika shtabi va viloyat shtablari tuziladi.

Unda qurilish narxlarini asossiz oshirish, raqobatni buzish, tasdiqlangan loyihalarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qattiq nazorat o‘rnatilishi belgilandi.

Mazkur voqealarga iqtisodchi Otabek Bakirov telegram-kanalida o‘z munosabatini bildirib, qurilish bozorida raqobatlashadigan o‘nlab yirik kompaniyalar paydo bo‘lmagunicha buni hokimlar aslo istamasligini yozdi.

Uning ta’kidlashicha, har yilgi qurilish buyurtmasini o‘zaro bog‘lanib ketgan 2−3ta oligopol kompaniyalar o‘zaro taqsimlab, hazm qilishda davom etaverishadi.

«E’tibor bersangiz, davlat rahbari aytgan holat respublika miqyosida ham shunday. Markazlashgan buyurtmalarni tendersiz yoki hatto tender bilan o‘zlashtiradigan doimiy pudratchilar — 2−3ta kompaniya. Ularning nomini sanash shart emas. Shuning uchun o‘zbek qurilish bozoriga xorijiy kompaniyalarni kiritish vaqti yetdi. Agar haqiqatdan ham aytayotgan gaplarimiz samimiy bo‘lsa, agar buni amalga oshirishga siyosiy iroda shakllanib ulgurgan bo‘lsa, o‘zbek qurilish bozorining yillik hajmi yondosh sektorlar bilan hisoblaganda 10 mlrd dollardan oshadi. Bu juda katta bozor. Mana-man degan xalqaro kompaniyalar „jon“ deb kirib keladi va raqobatga kirishadi», deya keltirgan iqtisodchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, markazlashgan va hududiy miqyosdagi tenderlarni o‘tkazishda hukumatni va hokimlarni bu jarayondan to‘liq chetlashtirish lozim. Shuningdek, tenderlarda manfaatdorlar umuman qatnashmasligi kerakligi aytilgan .

«Hozirgi sharoitda hukumat tarkibidagi qurilishga affillanib ketgan vazirlar va hokimlar o‘zlariga chatishib ketgan kompaniyalar foydasiga zid qaror qabul qilishini kutish o‘zi mantiqsizlik. Qolaversab xom-ashyodan tortib tayyor mahsulotgacha ishlab chiqarish zanjiri yaratish, qurilish muddatini 30 foizga, tannarxni esa 20 foizga kamaytirish, qurilayotgan loyihalarning kamida 50 foizida zamonaviy mahsulotlar ishlatilishi kabi vazifalar o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Bu maqsadlarga hokimlarga topshiriq berish yoki quruvchilarga buyurish bilan yetib borilmaydi. Raqobat va faqat raqobat qurilish kompaniyalarini bunga majbur qiladi», — deya yozib qoldirgan iqtisodchi.