Markaziy bank «O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi» aksiyadorlik jamiyatiga hamda «VENKON GROUP» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berdi.

VENKON GROUP kompaniya sohasi kompyuter dasturlashtirish faoliyati hisoblanadi. «O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi» AJ faoliyat sohasi esa moliyaviy bozorlarni boshqarish ekanligi ko‘rsatilgan.

Bundan oldin, Markaziy bank «Multipay» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga xuddi shunday faoliyatni olib borish uchun litsenziya bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Global Solution IT-firmasi tomonidan boshqariladigan GlobalPay elektron pullar tizimiga ham ruxsat berilgan. Markaziy bank ushbu IT-firmaga 2020 yil oktabr oyida to‘lovlar sohasida faoliyat yuritish uchun ruxsatnoma bergan.

Elektron pul tizimlari reyestri yuritilishi boshlanganidan buyon MB 10 ta platformani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ulardan 4 tasi «Kapitalbank» ishtirokida ishga tushirildi.