Energetika vazirligi Jahon banki hamkorligida 2022 yilda O‘zbekistonning «ko‘k» vodorod ishlab chiqarish salohiyatini baholaydi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Baholash O‘zbekistonda uglerodli vodorodga mintaqaviy va global talabning kutilayotgan rivojlanishi fonida vodorod ishlab chiqarishning qiyosiy afzalliklari va kamchiliklarini o‘rganishga ko‘maklashadi. O‘rganishlar yakuniga ko‘ra, «ko‘k» va «yashil» vodorodni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi.

Vodorodning rangi gradatsiyasi uni ishlab chiqarish usuliga va bir vaqtning o‘zida chiqarilgan uglerod iziga bog‘liq. Sanoatda eng «toza» vodorod «yashil» hisoblanib, qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiya yordamida suvni elektroliz qilish yo‘li bilan olinadi. «Havorang» yoki «ko‘k» vodorod — tabiiy gazdan olinadi. Uni ishlab chiqarish vaqtida karbonat angidrid olinadi va maxsus joylarda saqlanadi. «Kulrang» vodorod ishlab chiqarishda esa karbonat angidrid atmosferaga chiqariladi.

Shuningdek, 2022−2023 yillarda vodorod sanoatini rivojlantirish maqsadida «Air Products», «ACWA Power» va «Siemens Energy» kabi xorijiy kompaniyalari bilan respublika hududida pilot loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, vodorod energetikasining yetakchi xorijiy texnologik obyektlarida amaliy mashg‘ulotlar olib boradigan qisqa va uzoq muddatli o‘quv dasturlarini tashkil etish bo‘yicha muayyan kelishuvlarga erishildi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021 yil 9 apreldagi tegishli qarori bilan O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod energetikasini rivojlantirish maqsadida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgandi.