Farg‘onaning O‘zbekiston hamda Surxondaryoning Sherobod tumanlarida noqonuniy ravishda yer sotish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXX hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

O‘zbekiston tumanida fuqarolar M.M. va Sh. U.lar fuqaro K. ga «So‘x-Oqtepa» irrigatsiya tizimiga qarashli 60 sotix yer maydonida issiqxona faoliyatini tashkil etish uchun hujjat rasmiylashtirib bera olishiga ishontiradi.

Ular 7600 AQSh dollaridan 5000 dollarni olganida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Sherobod tumanida qayd etilgan voqeada esa «Ch.Q.» fermer xo‘jaligi rahbari E.E. fuqaro B. ga o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan xo‘jalikka tegishli bo‘lgan 1050 gektar yaylov hamda 50 sotix suvli yer maydonini 96 mln so‘mga sotishga uringan. U tanishlari orqali uy-joy qurish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishga kelishib olgan.

U shundan qo‘lga kiritgan 83 mln so‘mning 2 mln so‘mini qaytargani protsessual tartibda rasmiylashtirib olingani ma’lum qilindi.

Har ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.