O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi qoshida arxeologik topilmalarni o‘rganish va tiklash bo‘yicha zamonaviy laboratoriya tashkil etildi, deb xabar berdi Turizm va sport vazirligi. Soha mutaxassislari uchun mahorat darslari o‘tkazilib, 95 ta eksponat qayta tiklandi.

Laboratoriyani tashkil etish — Koreya Respublikasi Madaniy meros fondi, O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi birgalikda 2020 yildan boshlab O‘zbekiston madaniy merosini asrash bo‘yicha ODA (Official Development Assistance) loyihasi doirasida amalga oshirildi. Loyihaning mazkur bosqichida — 700 ming AQSh dollari sarflangan.


Muzeyining mavjud ta’mirlash laboratoriyasini modernizatsiya qilish maqsadida muzey binosining 4 qavatidagi ko‘rgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ta’mirlash uskunalari va inventarlari bilan ta’minlandi va jihozlandi. Muzey qoshidagi ta’mirlash laboratoriyasiga 87 ming dollarlik 120 dan ortiq restavratsiya to‘plami va zamonaviy jihozlar keltirildi.

Loyiha doirasida O‘zbekistondan 6 nafar mutaxassis muzey boyliklarini restavratsiya qilish uslublariga o‘qitildi. Ular muzeyda namoyish etilgan bir qancha sopol va metall buyumlarini rekonstruksiya qildi.

Shuningdek, Koreyaning konservatsiya sirlarini ochib beruvchi zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanma taqdim etildi.


«Hozirda Koreya hukumati 2022 yildan 2026 yilgacha loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirishga tayyorlanmoqda», — dedi O‘zbekiston madaniy merosini saqlash loyihasi direktori, Koreya Madaniy meros jamg‘armasi vakili Kim Dongmin.

Loyihaning ikkinchi bosqichi Samarqand viloyati hududidagi o‘rganilmagan tarixiy yodgorliklarni o‘rganish va ularni sayyohlik obyektlariga aylantirish maqsadida Arxeologiya instituti infratuzilmasini yaxshilashni o‘z ichiga oladi. Loyihaning umumiy qiymati 3,8 mln AQSh dollarini tashkil etadi va 5 yil muddatga taqsimlanadi.

Loyihaning ikkala qismida O‘zbekiston madaniy merosini saqlash va boshqarish, ularni tadqiq qilish va qazish davomida o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy arxeologik bilim va ko‘nikmalarni takomillashtirish, yodgorliklarni ochiq muzey holatiga keltirish, ularni moddiy-texnika bazasi bilan ta’minlash, restavratsiya markazlari va restavratorlar saviyasini ko‘tarish ko‘zda tutilgan.