18 noyabr kuni xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan Baxtiyor Saidov ish boshlagandan so‘ng, uchta viloyatga tashrif buyurib, maktablardagi ta’lim sifati bilan bog‘liq ahvolni qoniqarli emas deb atadi.

«O‘tgan haftada vazirlik vakillaridan iborat ishchi guruh bilan birgalikda 3 ta viloyatda bo‘ldik. Maktablarning sharoitlarini o‘rgandik. To‘g‘risi, ahvol qoniqarli emas. Afsuski, maktablarimizda ta’lim sifatini yaxshilash uchun juda katta va ko‘p ishlar qilishimiz kerak», — deb yozdi vazir o‘zining Telegram`dagi kanalida.

«Joylarda fan o‘qituvchilarining bilim va saviyasini oshirishimiz kerak. Ayrim o‘qituvchilar bilan suhbatlashdim, afsuski, hatto o‘z fani bo‘yicha oddiy savolga ham javobni bilmaydigan o‘qituvchilar bor ekan. Xo‘sh, nima qilish kerak?», — dedi u.

«To‘g‘ri, maktabda sharoit yo‘q dersiz, lekin o‘qituvchi o‘sha yerda vaqtini ketkazib o‘tiribdi-ku, jonkuyarlik bo‘lmasa nima qiladi bu kasbni tanlab? Uning qo‘lida inson taqdiri yotibdi! Maktablarda sharoit, infratuzilma yaxshilanishini kutsak, bolalarni yo‘qotamiz», — dedi Baxtiyor Saidov.

U o‘qituvchi va ota-onalarga qilgan murojaatidan so‘ng, ko‘plab taklif, fikr va mulohazalar kelib tushganini ma’lum qildi: «Ta’lim sohasiga bo‘lgan bunday e’tiborni ko‘rib, to‘g‘risi juda quvondim. Mas’ul xodimlar ko‘magida imkon qadar har bir murojaat bilan tanishib chiqishga harakat qildik, zarurlari tegishli mutasaddilarga yo‘naltirildi».

«O‘qituvchilar o‘z murojaatlarida meni maktablariga borib, sharoitni o‘rganishga taklif qilgan. Qani edi, hamma maktablarga birdaniga borishga imkonim bo‘lsa har birining holatini o‘rganib, shaxsan nazoratga olardim. Bunga vaqt kerak, lekin albatta hammasiga boramiz. Bu yo‘nalishda hududiy rahbarlar bilan tizimli ish tashkil qilishga kelishib oldik. Hudud rahbarlarining mas’uliyatini va vakolatini yanada oshiramiz», — dedi vazir.

U shuningdek, murojaatlardan joylardagi ayrim maktablarda muhit yaxshi emasligi ko‘rinib turganini aytgan. «Mazkur maktablardagi muhitni yaxshilashga hatto hudud xalq ta’limi rahbarining ham kuchi yetmayapti», — dedi u.

«Mulohazalarda qayd etilganidek, biz bilimli, jonkuyar va fidoyi kadrlarni topishimiz kerak. Buning uchun kerak bo‘lsa pedagogika universitetlari bilan hamkorlikni kuchaytiramiz. Har bir bitiruvchi bilan suhbatlashib, eng yaxshilarini maktablarga jalb etamiz», — deya va’da berdi Baxtiyor Saidov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda, tumanda, maktabda hatto bir nafar yaxshi pedagog bo‘lsa ham foydalanib, kerak bo‘lsa uni qolgan hamkasblariga mahorat darsi o‘tkazishga jalb etgan holda maktablarda ta’lim sifatini oshirish kerak.