Sog‘liqni saqlash vazirligida Toshkent shahridagi bir guruh tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Unda amaliyot uchun foydali bo‘lmagan, ortiqcha ovoragarliklarni keltirib chiqarayotgan hujjat va hisobot shakllarini qayta ko‘rib chiqishga e’tibor qaratilgan.

«Tibbiyot muassasalarida hali-hanuz ortiqcha ovoragarchiliklar barham topgani yo‘q. Shifokorlar qabuliga kirish uchun bemorlar ba’zan soatlab navbat kutishiga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki soha xodimlari zimmasidagi yuklamalar ko‘p. Ularning aksariyati qog‘ozbozlik bilan bog‘liq», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, «hozirda tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari 26 turdagi jurnallar, 33 turdagi hisobot shakllari hamda bemorlarga beriladigan o‘nlab turdagi blankalarni to‘ldirishga majbur bo‘lmoqda».

Misol tariqasida, «Tibbiyot xodimlarining jarohat holatlarini qayd qilish jurnali»ga noxush vaziyatlar yuz bermasa, oylab, hatto yillab ehtiyoj bo‘lmasligi mumkin. Lekin hamshira ana shu hujjat turiga har kuni «Bugun ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lmadi» degan mazmundagi qaydlarni kiritib borishi shart.

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda. Foto: SSV.

«Vaholanki, shifokorning eng asosiy vazifasi odamlarga shifo ulashishdan iborat. U buning uchun har bir bemorga o‘rtacha 15 daqiqa vaqt ajratishi kerak. Biroq amalda shundan ma’lum qismi hujjat to‘ldirishga sarflanmoqda», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Birlamchi bo‘g‘in xodimlari «Ambulator-poliklinika muassasasiga kelganlarni qayd etish jurnali» ham ortiqcha, degan fikrda. Negaki, aholi juda ko‘p murojaat qilgan vaqtlarda qabul bo‘limi hamshirasining mazkur jurnalni to‘ldirib o‘tirishi uzundan uzoq navbatlarni yuzaga keltiradi. «Bu esa odamlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda», — deya qayd etilgan xabarda.

Qolaversa, bemorlar qabul bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tgach, shifokor huzuriga kirish uchun yana ro‘yxatga yozilishi zarur.

Ushbu holatlarni bartaraf etish uchun ayni paytda SSVda ishchi guruh tuzilib, o‘rganishlar olib borilmoqda.

Vazirlik xabarida o‘rganish natijalari nafaqat tibbiyot xodimlari, balki aholi uchun ham foydali bo‘lishiga ishonch bildirilgan.