Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXX Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida fuqarolarni xorij davlatlariga ishlashga yuborishni va’da qilib, ularning pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan shaxslarni qo‘lga oldi.

Farg‘ona viloyatidagi holatda fuqaro M.X. fuqaro M.ning ishonchiga kirib, uni Koreya davlatiga ishga jo‘natish uchun vizalarini tezlashtirib olib berishni va’da qiladi. Buning evaziga esa 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Bundan tashqari, M.X. M.ning ukasi J.ni ham Koreya davlatiga ishga jo‘natish va vizani tezroq olib berish evaziga 5 500 AQSh dollarini qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Shu kabi holat Buxoro viloyatida ham qayd etildi. Unda fuqarolar M.A. va Sh. A.lar bir qancha fuqarolarning ishonchiga kirib, ularga Avstraliya davlatiga borish uchun sayyohlik vizasini tayyorlab berishni va’da qilgan.

Jami 6 nafar fuqaroning 39 000 AQSh dollari va 26,4 mln so‘mini qo‘lga kiritganliklari aniqlangani ma’lum qilindi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilli. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.