Farg‘ona va Namangan viloyatlarida xususiy korxona va fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonlarini sotishga uringan shaxslar ushlandi. Mazkur holat Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXXning Farg‘ona tumani bo‘limlari hamda IIB xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, «O» xususiy korxonasi rahbari F.Q. ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun ajratilgan 0,9 gektar yer maydonini sotish vakolatiga ega bo‘lmasada, fuqaro I.ga ushbu yer maydonining 0,5 gektarini 100 000 AQSh dollariga sotishga kelishib olgan.

«Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga oldindan 12 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan», — deyiladi xabarda.

Yana bir holat Namanganda qayd etildi. Departamentning Namangan shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «A.» fermer xo‘jaligi rahbari M.A. fuqaro D.ga xo‘jalikning 5 gektar yer maydonini 96 mln so‘m evaziga bog‘ tashkil etish uchun ajratib berishni va’da qilgan. U hujjatlarni tanishlari yordamida rasmiylashtirib berishini ma’lum qilgan. U so‘ralgan puldan 50 mln so‘mini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Har ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.