2016 — 2020 yillar hamda joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida sudlar tomonidan ko‘rilgan terrorizmni moliyalashtirishga oid ishlar umumlashtirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, ushbu davr mobaynida sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar bo‘yicha jami 62 nafari terrorizmni moliyalashtirish uchun sudlangan. Ularning 18 nafari yoki 29 foizi 18 yoshdan 30 yoshgacha, 43 nafari yoki 69,4 foizi 31 yoshdan 60 yoshgacha, 1 nafari yoki 1,6 foizi 60 yosh va undan yuqori yoshdagi shaxslar hisoblanadi.

Qayd etilishicha, sudlanganlarning 2 nafari yoki 3,2 foizi ayollar hisoblanadi. Sudlangan shaxslarning 41 nafari yoki 66,1 foizi jinoiy qilmishni terroristik tashkilot, ularning vakillari yoki unga aloqador shaxslarga pul mablag‘larini taqdim etish yoki ularning hisob raqamlariga pul ko‘chirish yo‘li bilan sodir etgan bo‘lsa, 21 nafari yoki 33,9 foizi ularning moliyaviy xarajatlarini qoplash yo‘li bilan sodir etgan.

Terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, sudlangan shaxslarning asosiy qismi pul ishlash maqsadida xorijiy davlatlarga borgan shaxslar hisoblanib, jami 62 nafar shaxsning 43 nafari yoki 69,4 foizi jinoiy qilmishni xorijiy davlat hududida sodir etgan, deyiladi xabarda.

Sud amaliyotida ekstremizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq jinoiy qilmishlar Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan kvalifikatsiya qilinadi.

2016 — 2020 yillar hamda 2021 yilning 1-yarmi davomida mazkur toifadagi jinoyatlarni sodir etganligi uchun jami 9 nafar shaxs sudlangan bo‘lib, 5 nafari yoki 55,6 foizini 18 yoshdan 30 yoshgacha, 4 nafari yoki 44,4 foizini 31 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etgan.

Sudlanganlarning asosiy qismi, ya’ni 8 nafari yoki 88,9 foizi jinoiy qilmishni xorijiy davlat hududida turib sodir etishgan.