26 noyabr kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani «Sultonobod» mahallasidagi xonadonlarning birida yashovchi ikki fuqaro is gazidan zaharlandi.

Tuman hokimining tegishli qarorida qayd etilishicha, buning natijasida fuqaro D.Sh.Abduxakimov (1995 y.t.) va uning turmush o‘rtog‘i S.I.Abduxakimova (1997 y.t.) vafot etgan.

Hokim qarori bilan sodir bo‘lgan baxtsiz hodisaning sabablarini tekshirish bo‘yicha tuman komissiyasi tarkibi ham tasdiqlandi.

Bosh prokuraturaning «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda D.Abduxakimov uyning yashash xonadoniga 25 noyabr kuni kechki vaqtda qo‘lbola usulda yasalgan tabiiy isituvchi pechni olib kelib qo‘ygani ma’lum bo‘lgan. Biroq, isitish pechini o‘rnatmagan hamda dudbo‘ron qo‘ymagan.

Xonadonga gaz o‘tkazilishiga oid hamda qo‘lbola usulda yasalgan temir pech, 15 metrlik oq rangli rezina shlang va tejamkor yondirgich (garelka) ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasida fuqarolarning o‘limiga noma’lum etiologiyali zaharlanish, o‘tkir yurak qon tomir nafas yetishmovchiligi, miya va o‘pkalar shishi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.