Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 28 noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n beshinchi sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Ashxobod shahrida bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir doirasida tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish, eng avvalo savdo munosabatlarini rivojlantirish, mintaqaning tranzit salohiyatini oshirish, «yashil» iqtisodiyotni ilgari surish va innovatsiyalarni joriy qilish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Sammitning yakuniy hujjatini qabul qilish ham ko‘zda tutilgan.

Turkmanistonga tashrif dasturi doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) mintaqaviy ko‘p tomonlama tuzilma bo‘lib, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida 1985 yilda tashkil etilgan.

Bugungi kunda tashkilotga O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston a’zo. O‘zbekiston IHTga 1992 yilda qo‘shilgan.