25 noyabr kuni Tojikistonning Xorug‘ shahri va shahar atrofi aholisi shaharning markaziy maydonida mitingga yig‘ildi. Ularning talabi Roshtqal’a tumanida yashovchi «Gulbiddin Ziyobekovni otib o‘ldirgan organ xodimlarini javobgarlikka tortish» bo‘lgan, deb xabar bermoqda «Aziya-Plyus».

So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Xorug‘dagi miting chog‘ida o‘t ochilgan. Namoyishchilardan 6 kishi yaralangan, nashr manbasiga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan. Roshtqal’a tumanida yashovchi yana bir shaxs bedarak yo‘qolgan.

«Aziya-Plyus» yozishicha, huquq-tartibot idoralari bu ma’lumotni tasdiqlashmagan ham, inkor qilishmagan ham. Ichki ishlar vazirligi hozircha voqealarga izoh bermagan. «Bu haqda (miting — tahr.) xabarlarni ham o‘qidik, ular asossiz. Har holda, hozircha rasmiy xabar bo‘lmadi», deya Tojikiston IIV matbuot xizmati ma’lumotlarini keltirmoqda nashr.

Xorug‘liklarning so‘zlariga ko‘ra, miting Tavdem jamoatida yashovchi Gulbiddin Ziyobekovning o‘ldirilganligi sababli uyushtirilgan. Uning jasadi markaziy maydonga olib chiqilgan.

Voqea guvohlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, 25 noyabr kuni soat 11:30 da Ziyobekovning uyiga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan. Ziyobekovni hibsga olmoqchi bo‘lishganida u qarshilik ko‘rsatib, organ xodimlariga mushti bilan tashlanganligi aytilmoqda.

Bunga javoban OMON xodimlari o‘t ochishgan va natijada ular 3 kishini yarador qilgan. Ulardan biri Taygun qishlog‘ida yashovchi fuqaro bo‘lib, u huquq-tartibot idoralari xodimlariga ularning xatti-harakatlari noqonuniy ekanini aytgan. Ikkinchisi ham Rozik ismli mahalliy aholi. Ularning ikkalasi ham yaralangan.

Guvohning aytishicha, Gulbiddinning o‘zi ham yaralangan va uni mashinaga o‘tqazishgan. «Keyin uning o‘limi haqida xabar berishdi», — deydi guvoh.

Shundan so‘ng odamlar mitingga to‘planishgan.

Gulbiddinni nega olib ketishmoqchi bo‘lishgan?

Tog‘li-Badahshon avtonom respublikasi prokuraturasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Tavdem qishlog‘ida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan Gulbiddin Ziyobekov bir qator jinoyatlarni — uyushgan guruh tomonidan garovga olish, ijtimoiy, irqiy, milliy, mintaqaviy, diniy (konfessiyaviy) dushmanlikni qo‘zg‘atishni sodir etganlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan. 25 noyabr kuni soat 11:30 larda u qo‘lga olish bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida «Makarov» to‘pponchasi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatgani qayd etilgan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Ziyobekov Tog‘li-Badahshon avtonom respublikasining Roshtqal’a tumani prokurori yordamchisi A.Abirzodani 2020 yil fevral oyida garovga olib, shu tumanning Barjangal qishlog‘ida 8 soat davomida ushlab turgan. Shu bilan birga, u uni kaltaklagan. Mazkur epizod yuzasidan Ziyobekov va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar tergovchilarning qayta-qayta qo‘ng‘iroqlarini e’tiborga olmagan va ko‘rsatma berish uchun kelishmagan.

Mitingda ishtirok etgan xorug‘likning aytishicha, prokurorning garovga olinishiga uning Roshtqal’a tumanida yashovchi qizlardan biriga tegajog‘lik qilgani sabab bo‘lgan. Uning aytishicha, qiz qarindoshlariga bu voqea haqida aytgan va ular boshqalar bilan birgalikda prokurorni qo‘lga olib, undan kechirim so‘rashini talab qilishgan.