O‘zbekiston bo‘ylab huquqni muhofaza qilish organ xodimlari hamkorligida pirotexnika vositalarining noqonuniy savdo oldini olishga qaratilgan reyd tadbirlari davom etmoqda, deb xabar berdi Milliy gvardiya matbuot xizmati.

24 noyabr kuni Milliy gvardiya hamda Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan «Vodil-Marg‘ilon-Oltiariq» yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqaro Q.X.X boshqaruvidagi «Nexia» rusumli avtomashina tezkor kuzatuvga olinib, Marg‘ilon shahri hududida to‘xtatilgan.

Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtotransport vositasining yukxonasi va salonida Qirg‘izistondan yashirincha olib kirilgan umumiy qiymati 25 mln 200 ming so‘m bo‘lgan 36 dona «9D-037» nomli pirotexnika vositalari borligi aniqlangan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi N.X.A boshqaruvidagi Spark rusumidagi avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda umumiy qiymatida 61 mln 240 ming so‘mlik 157 400 dona «Britanik» nomli pirotexnika, 40 dona «Korolevskiy» nomli salyut, 44 dona «Novыy vek» nomli salyut borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari Farg‘ona viloyati Milliy gvardiya Surishtiruv bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.