“Kapitalbank” aksiyadorlik jamiyati banki 215,3 mlrd so‘mlik 65,97 mln dona aksiyalarining qo‘shimcha emissiyasini joylashtirdi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Tashkilotning ushbu aksiyalarini Rossiyaning USM Holdings kompaniyasi sho‘ba korxonasi “Telekominvest” MCHJ sotib oldi. Ushbu kompaniyaning 49% ulushi Alisher Usmonovga tegishli hisoblanadi.

Qayd etilishicha, “Kapitalbank” ATB fond birjasi va qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchisi hisoblanadi. Joriy yilda tashkilot O‘zbekistonda valyuta birjasining birinchi market-meykeri bo‘ldi. Bundan tashqari, bank O‘zbekiston Respublikasida birinchi raqamli bank AJ “BANK APELSIN” sho‘ba korxonasi bilan bank guruhini tashkil etgan.

Avvalroq, Prezidentning kuyovi Oybek Tursunov “Kapitalbank” ustavidagi 112,49 mln aksiyalarini sotib olib, o‘zining jami ulushini 50 foizga yetkazgani haqida xabar berilgandi. Aksiyador 112,49 mln aksiyalarini sotib oldi — bu qimmat qog‘ozlar umumiy sonining 34,1 foizi degani. Bunga qadar u 52,43 mln donaga egalik qilib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, elektron pul tizimlari reyestri yuritilishi boshlanganidan buyon Markaziy bank 10 ta platformani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ulardan 4 tasi “Kapitalbank” ishtirokida ishga tushirilgan.