Uzbekistan Airports kompaniyasi O‘zbekiston transport vazirligi tashabbusi bilan Silk Avia hududiy sho‘’ba aviakompaniyasini tashkil etadi. Yangi aviakompaniya o‘z parvozlarini keyingi yildan boshlab amalga oshiradi, deya xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Silk Avia joriy yilning sentabr oyida ro‘yxatga olingan bo‘lib, 14−18 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Dubai Airshow-2021 Xalqaro aviasalon doirasida Uzbekistan Airports va Dubayning HAS Aviation GT kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekistonda hududiy aviakompaniyani tuzish bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Hududiy aviakompaniyaning tuzilishi O‘zbekistondagi ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirish va ichki turizmni rivojlantirish uchun muhim, bu esa o‘z o‘rnida mamlakatning bir fuqarosi parvozlarining o‘rtacha sonini ko‘rsatadigan aholining aviatsion harakatchanligi koeffitsiyentining oshishiga olib keladi, deyiladi Uzbekistan Airports xabarida.

«Biz bozorda o‘zbekistonliklar uchun qulay narxdagi ichki aviaparvozlarni taklif qiluvchi aviakompaniyani tuzishni maqsad qildik. Yaqin vaqtlargacha O‘zbekiston shaharlarini bog‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning mavjud bo‘lmaganligi katta muammo edi. Samarqanddan Xorazmga borish uchun yo‘lovchilar Toshkent orqali uchishlariga to‘g‘ri kelardi. Bizning vazifamiz ichki reyslarni point to hub (poytaxtdan viloyatlarga) tamoyili bo‘yicha emas, point to point (viloyatlar o‘rtasida) modeli asosida tashkil etish», — deya ta’kidladi Uzbekistan Airports boshqaruv raisi Rano Jo‘rayeva.

Yangi kompaniya 40 gacha yo‘nalishlarni ochish va 70 nafargacha yo‘lovchilarni sig‘diradigan hududiy samolyotlarni sotib olishni rejalashtirmoqda. «Tariflar temiryo‘llar chiptalari bilan mos bo‘ladi. Bu ichki turizm rivvojlanishiga ham, iste’molchi uchun aviachiptaning narxiga ham yaxshi ta’sir qiladi», — deydi Rano Jo‘rayeva.

Uzbekistan Airports`ning qo‘shimcha qilishicha, yangi aviakompaniya hududiy aeroportlarni rivojlantirish uchun ham muhim, shuning uchun birinchi bosqichda uning boshqaruv kompaniyasi Uzbekistan Airports bo‘ladi. Keyinchalik aviatashuvchi xususiy sektorga o‘tkaziladi.

«Silk Avia o‘zini Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyaga raqobatchi sifatida ko‘rmaydi, balki ichki parvozlarni tashkil etishda hamkor sifatida ishtirok etadi», — deyiladi Uzbekistan Airports xabarida.