Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 22 noyabr kuni Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ulardan biri — Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi bo‘lib, Adiblar xiyoboniga tutash hududda quriladi. Majmua muzey bilan birga ilmiy tadqiqot markazi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, maktab va yotoqxonani o‘z ichiga oladi.

«Loyihaga ajratilayotgan umumiy yer maydoni 4 gektarga yaqin hududni tashkil qiladi. Loyiha Milliy bog‘ning landshaft arxitekturasi bilan uzviy bog‘langan. Uning asosiy fasad qismi Baynalmilal ko‘chasiga qaragan bo‘lishiga qaramasdan, loyiha orqa fasaddan va hovli qismidan Adiblar hiyoboniga arxitektura va landshaft yechimlari jihatidan uzviy bog‘liqligi bor», — dedi qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Odilov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari obyektdagi me’moriy yechimlarni milliy an’analarga uyg‘un holda, Alisher Navoiy asarlariga, o‘sha davr arxitekturasini o‘zida aks ettirgan holda fasad yechimlariga yondashuv kerakligini ta’kidlagan.

Milliy bog‘ yaqinida Prezident kutubxonasi qurilishi ham rejalashtirilmoqda. U 4 qavatli bo‘lishi, bir vaqtda 1 ming 400 dan ziyod o‘quvchiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. Kutubxonada 1 million 500 mingta kitob saqlanishi bilan birga elektron adabiyotlar, multimedia mahsulotlari ham bo‘ladi.

«Bu kutubxonada biz o‘quv zallarini ilm-fan yo‘nalishlari bo‘yicha alohida ajratib chiqdik. Yangi kutubxona 2 ta smenda faoliyat olib borishi rejalashtirilmoqda. Bugungi kunda 200 mingga yaqin kitobning ro‘yxati shakllantirilgan», — dedi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva.

Shu bilan birga yangi kutuxbxonada faoliyat olib boradigan yangi mutaxassislarni o‘qitish, malakasini oshirish vazifasi qo‘yilgan. Bugungi kunda 50 ta, 35 yoshgacha bo‘lgan yosh mutaxassislar ro‘yxati shakllantirilgan.

«Ularning sohaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun xorijiy kutubxonalarga ham xizmat safarlari uyushtiriladi. Rossiya, Yevropaning Skandinaviya mamlakatlarida xodimlar malakasini oshirish masalasi ko‘rildi», — deya qo‘shimcha qildi Umida Teshaboyeva.

Taqdimotda Olimpiya shaharchasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi.