Energetika vazirligi shtabi tomonidan joriy yilning 17 noyabr kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan SHIRINA PETROL va Toshkent tumanida joylashgan CLEAN GAS SERVICE MCHJlariga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida tekshiruv o‘tkazildi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Tekshiruv natijasida ushbu 2 ta tadbirkorning 1,635 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan. Ushbu miqdordagi gaz bugungi kunda 100 mingta aholi xonadonining bir kunlik iste’moliga teng ekanligi aytildi.

Tekshirish davomida aniqlanishicha, SHIRINA PETROL elektron gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatish imkoni bo‘lgan. O‘tkazilgan eksperiment davomida konfiguratsiya sozlamasi texnologik yo‘riqnomalar talabiga mos emasligi sababli qayta hisob-kitob qilingan. Buning natijasida 1 mlrd 274 mln 700 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlangan.

CLEAN GAS SERVICE tomonidan esa shartnoma hujjatlaridan tashqari 1 dona kompressor uskunasi ortiqcha o‘rnatilganligi sababli amalga oshirilgan qayta hisob-kitob natijasida 360,5 mln so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruv hujjatlari qonun doirasida chora ko‘rilishi uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.