17 noyabrdan boshlab to‘liq vaksina kursini olgan fuqarolar (2 yoki 3 marotaba emlanganlar) buster doza bilan ixtiyoriy emlanishiga ruxsat berildi.

Vaksina.uz kanali xabar berishicha, bu bosh davlat sanitariya vrachining ko‘rsatma xatiga muvofiq O‘zbekiston aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetni oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, buster (qo‘shimcha) dozani koronavirusga qarshi to‘liq vaksinatsiya kursini o‘taganlar oxirgi dozadan 6 oy o‘tgach olish mumkin. Buster doza emlanuvchi shaxsning xohishiga binoan istalgan mavjud vaksina bilan amalga oshiriladi.

Barcha poliklinikalar va emlash punktlari qo‘shimcha emlash to‘g‘risida xabardor qilingan bo‘lib, hozirda qo‘shimcha dozani olish mumkin.

Vazirlikning aniqlik kiritishicha, O‘zbekistonda hozirda faqat qo‘shimcha dozaga ruxsat berilgan, revaksinatsiyaga emas.

Buster dozasi olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar emlash.uz orqali sertifikatlar bazasiga kiritiladi hamda emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatda olingan qo‘shimcha doza haqida ma’lumotlar paydo bo‘ladi

O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab koronavirusga qarshi ommaviy emlash ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar mamlakatda 31,4 million dozadan ortiq vaksina qo‘llanilgan. Birinchi dozani 16,4 milliondan ortiq kishi yoki emlanishi kerak bo‘lgan fuqarolarning 76,7 foizi olgan.