Bugun, 19 noyabr kuni «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Jahon bolalar kuniga hamda UNICEF`ning 75 yilligiga bag‘ishlangan «Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziyani ta’minlash» deb nomlangan yuqori darajadagi xalqaro forumda qatnashdi.

Forum ishi nogironligi bo‘lgan bolalar duch keladigan qiyinchiliklarni yengish va ularning o‘sishi va o‘z salohiyatini to‘liq amalga oshirishi uchun inklyuziv va qo‘llab-quvvatlovchi muhitni yaratishga qaratilgan.

Tadbirda milliy institutlar, fuqarolik jamiyati vakillari, BMT agentliklari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ekspertlari, xorijiy jamoat fondlari, O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari, shuningdek, bolalar va yoshlar ishtirok etdi.

«Barcha bolalarning huquqlari va erkinliklari bir xil darajada kafolatlanishi lozim. Ularning manfaatlari ustuvor bo‘lishi kerak. Dunyodagi har bir bola bunga loyiqdir. Nogironligi bo‘gan bolalar jamiyatning to‘laqonli a’zolaridir. Ularning faol va maroqli hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shubhasiz, juda muhim», — dedi Ziroat Mirziyoyeva. Imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatdan ajratib qo‘yish amaliyotiga chek qo‘yish va bu boradagi ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman. Bu jarayonda har birimiz muammolarni yengish va inklyuziya uchun keng imkoniyatlar ochishda ishtirok etishimiz muhim".

«UNICEF BMTning Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini O‘zbekiston hukumati ratifikatsiya qilganini hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakat dasturi loyihasi ishlab chiqilishini olqishlaydi», — dedi tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan.

«Endi mustahkam qonunchilik va siyosiy bazani, samarali muvofiqlashtiruvchi tuzilmalarni yaratish va nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlarining ahamiyatli ishtirokini rag‘batlantirish orqali Konvensiyani milliy darajada amalga oshirish muhimdir», — deya qo‘shimcha qildi u.

Forumda xalqaro ekspertlar nogironligi bo‘lgan bolalar, ayollar va erkaklarning inklyuziyasini qo‘llab-quvvatlovchi, institutsionalizatsiyaning oldini olishga yordam beradigan, zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabat bilan kurashga yordam beradigan qulay, inklyuziv, huquqlarga asoslangan va yoshga mos davlat xizmatlarini rivojlantirish yo‘li bilan kuchli va uyushgan jamiyatlarni qurish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir doirasida Ziroat Mirziyoyeva va Afshan Xan nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan stigma va diskriminatsiyaga barham berish bo‘yicha umummilliy kampaniya boshlanishini e’lon qildilar. Ular barchani — nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari, hukumat vakillari, xususiy sektor va OAVlar, jamiyat yetakchilari va taniqli kishilarni hech kim chetda qolmasligi uchun YUNICYeF va «Zamin» sa’y-harakatlariga qo‘shilishga chaqirdilar.

«To‘siqlar» deb nomlangan ushbu kampaniya bir yil davom etadi. Uning maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarga asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashda ko‘maklashish, bunga imkon bermayotgan to‘siqlar haqida xabardorlikni oshirishdir. Shuningdek, kampaniya nogironligi bo‘lgan bolalar o‘zlarini himoyalangan, hurmatga sazovor deb his qilishlari uchun ularga nisbatan munosabatni o‘zgartirishga ham qaratilgan.

Jahon bolalar kuni arafasida O‘zbekiston ham bolalar huquqlarini qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida UNICEF`ning «Dunyoni moviy rangga to‘ldirgin» global aksiyasiga qo‘shildi.

19 va 20 noyabr kunlari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 100 dan ortiq zamonaviy va tarixiy binolar mamlakatimiz va xorijdagi har bir bola uchun moviy rangda tovlanadi.