O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechib, rubldan foydalanishni boshlashi mumkin. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikov Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mintaqalararo ikkinchi hamkorlik forumida ma’lum qilgan.

Uning qayd etishicha, 16 noyabr kuni Rossiya banki ilk marta «O‘zbekiston Milliy banki obligatsiyalarining rubldagi emissiyasini» ro‘yxatdan o‘tkazgan. Obligatsiyalarning umumiy qiymati 15 mlrd rublga teng.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya fond bozorida qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish orqali O‘zbekiston rublda katta mablag‘ jalb etishi va ularni Rossiya tovarlarini import qilishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.

Reshetnikov «mablag‘larni dollarga o‘tkazmasdan, barcha hisob-kitoblar komissiyasiz rublda amalga oshirilishi» hamkorlarning foydasiga ishlashini ta’kidlagan. «Bu MDHda iqtisodiy hamkorlik va integratsiya jarayonlarini rivojlantirishning muhim vositasi», — degan u.

Reshetnikovning ma’lum qilishicha, Rossiya hukumati prezident Vladimir Putin topshirig‘iga binoan davlatlar, jumladan, MDH davlatlari bilan o‘zaro hisob-kitoblarda rubldan foydalanishni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning qayd etishicha, rubldagi hisob-kitoblar Rossiya bilan tashqi savdo salbiy saldosini oshirishi, uning ustiga bu O‘zbekistonning Rossiya oldidagi qarzi oshishi hisobiga ro‘y berishi mumkin.

O‘zbekistonning Rossiya bilan tashqi savdo aylanmasi salbiy saldosi o‘tgan to‘qqiz oyda 2,2 mlrd dollarga yetgan edi.

O‘zbekiston hukumati hozircha bu xabarni izohlamagan.