Birlashgan Arab Amirliklaridagi INKAS kompaniyasi asoschisi Ulug‘bek Maqsumov Chirchiq shahrida AKSUM brendi ostida zirhli texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, AKSUM harbiy-sanoat kompaniyasi ishlab chiqarayotgan harbiy modellar va zirhli avtomashinalar xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlangan.

Kompaniyasi hukumat qo‘shinlari, xalqaro qutqaruv va xavfsizlik tashkilotlari, moliyaviy tuzilmalar, yuqori martabali va VIP mijozlarni keng turdagi modellar bilan ta’minlaydi.

Kompaniya quyidagi texnikalarni ishlab chiqaradi:

  • lyuks sinfidagi zirhli avtomashinalar;
  • zirhli sedan va zirhli avtobuslar;
  • zirhli birinchi tibbiy yordam mashinalari;
  • zirhli transport vositalari;
  • turli maqsadlardagi zirhli harbiy mashinalar.

«Bizning asosiy maqsadimiz eng yuqori toifadagi va ishonchli zirhli transport vositalarini yetkazib berish orqali yo‘lovchilar va qimmatbaho boyliklarni xavfsiz tashishni ta’minlashdir», — dedi Ulug‘bek Maqsumov.

Qo‘shimcha qilinishicha, barcha avtomobillar jo‘natilishdan oldin qattiq sifat nazorati sinovlaridan o‘tkaziladi.

Kompaniya harbiy texnikalar suratlarini taqdim etdi.