Prezident 15 noyabr kuni «G‘alla yetishtirish va sotishda erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori [PQ-10-son] imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2022 yildan ekishga tavsiya etilgan bug‘doy navlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan mustaqil joylashtiriladi.

2022 — 2024 yillarda klasterlar va fermerlar yetishtirgan hosilining g‘alla ekilgan har gektar maydon hisobidan o‘rtacha 2,5 tonnadan bug‘doyni erkin birja savdolari orqali, qolgan qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida erkin sotadi.

Har yili 1 avgustgacha bug‘doyning kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan indikativ narx OAVda e’lon qilinadi.

Davlat boshqaruvi organlari, shu jumladan, barcha darajadagi mahalliy hokimliklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning quyidagilarga aralashuvi taqiqlanadi:

  • boshoqli don yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash;
  • ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanish yo‘nalishlariga aralashish;
  • bug‘doyni sotish jarayonlariga, shu jumladan, shartnomalar tuzishga, xo‘jaliklarni don tayyorlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi ma’lum korxonalarga biriktirish, respublika hududlari o‘rtasidagi ichki tashuvlarga aralashish;

Boshoqli don yetishtirish, sotish va bug‘doy narxining shakllanishi bo‘yicha mazkur qaror bilan o‘rnatilgan tartibni Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, vazirlik va idoralarning hujjatlari bilan vaqtinchalik to‘xtatib turish yoki qayta ko‘rib chiqish qat’iyan man etildi.

Bosh vazirning o‘rinbosari Sh. M. G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlari har yili may-avgust oylarida barcha g‘alla yetishtiruvchilar tomonidan g‘alla ekilgan har gektar maydon hisobiga respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,5 tonnadan g‘allaning birja savdolariga chiqarilishini ta’minlaydi.

2021 — 2022 yillarda «O‘zdonmahsulot» AK tizimidagi don korxonalari g‘allachilik klasteri tashkil etish taklifini bildirgan tadbirkorlik subyektlariga sotiladi.