Qashqadaryolik tadbirkor Muzaffar Hamzayev viloyat innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Nishon tumanida chigirtkadan parhezbop un tayyorlash loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda «Xalq so‘zi online» xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, loyiha qiymati 4,1 mlrd so‘m bo‘lib, yillik quvvati 80 tonna chigirtka uni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan va har kilosi 3,7 dollardan sotiladi. Shuningdek, 10 ta yangi ish o‘rnini yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, chigirtka tarkibida oqsil miqdori ko‘p bo‘lgani bois butun dunyoda chigirtka uniga talab juda yuqori.

Ayni paytda chigirtka unini eksportga chiqarish uchun tadbirkor Muzaffar Hamzayevning «Merry-Cricket» mas’uliyati cheklangan jamiyati va Saudiya Arabistonidagi hamkorlar o‘rtasida shartnoma imzolangan.

«Chigirtkani dalalardan yig‘ib olish uchun aholi vakillari jalb qilinadi. Maxsus to‘r qoplarda hasharotlarni yig‘ib topshirgani uchun ularga tegishli miqdorda haq to‘lanadi. Buyam aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Chigirtka uni ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish maqsadida chigirtkalar chatishtiriladi va qayta ishlash uchun maxsus yetishtiriladi», — dedi viloyat innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Mavlanov.

Mazkur loyihagan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 1,5 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, chigirtkani bartaraf etish uchun Qashqadaryo viloyatida har yili 130 ming gektar maydonga kimyoviy ishlov beriladi. Bunga esa 10 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib kelingan.