Hindistonda o‘z uylari ustida Pokiston bayrog‘ini ko‘targan 4 fuqaro davlatga hiyonatda ayblanib hibsga olindi

Hindiston shimolidagi Uttar-Pradesh shtati politsiyasi o‘z uylari ustidan Pokiston bayrog‘ini ko‘targan to‘rt nafar fuqaroni hibsga oldi. Ularning barchasi davlatga xiyonatda ayblanmoqda. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, voqea shu hafta Goraxpur shahrida sodir bo‘lgan. Politsiya musulmonlar yashaydigan bir qancha uylar ustida Pokiston bayroqlari osilgani aks etgan video tasvirlarni olgan. Shundan so‘ng, Hindistonning nufuzli tashkilotlarining shahar bo‘limlari faollari huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib, Pokiston bayrog‘i namoyishi uchun javobgarlarni zudlik bilan hibsga olishni talab qilgan.

Hibsga olinganlarning da’vo qilishicha, ular ko‘targan bayroqlar Pokiston davlat bayroqlari emas, «musulmon» bayroqlari bo‘lgan. Hind faollari ayblanuvchilarning uylariga tosh otishni boshlaganlarida politsiyani harakatsizlikda ham aybladilar.


AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa ittifoqi davlatlari migratsiya inqirozida Belarusni aybladi

BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari Estoniya, Fransiya, Irlandiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, AQSh, shuningdek, Albaniya Belarusdagi vaziyat yuzasidan bayonot berib, Minskni qo‘shni davlatlardagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun migrantlardan foydalanganlikda aybladi. Bayonot AQShning BMTdagi missiyasi saytida e’lon qilingan, deb yozadi Kommersant’ nashri.

Bayonotda aytilishicha, ushbu mamlakatlar «maqsadi qo‘shni davlatlar va Yevropa Ittifoqidagi vaziyatni beqarorlashtirish bo‘lgan Belarusning siyosiy manfaatlari yo‘lida hayoti va farovonligi xavf ostiga qo‘yilayotgan odamlardan foydalanish va mamlakat ichida inson huquqlarining buzilishidan e’tiborni chalg‘itish» borasidagi harakatini qoralaydi.

Tomonlar Belarusning bu kabi harakatiga «xalqaro miqyosda keskin javob berilishi lozimligini» ma’lum qilgan. Shuningdek, ular Minskni insonlar hayotini xavf ostiga qo‘ymaslikka va xalqaro tashkilotlarga gumanitar yordamlarni yetkazib berishda to‘sqinlik qilmaslikka chaqirdi.


Afg‘onistonda masjidda yuz bergan portlash oqibatida uch kishi halok bo‘ldi

Afg‘oniston sharqidagi Nangarhor viloyatidagi masjidda yuz bergan portlashda uch kishi halok bo‘ldi, 15 kishi yaralandi, deya xabar bermoqda Ria Novosti.

«Hozirgacha 3 kishi halok bo‘ldi, 15 kishi yaralandi», deya ta’kidlagan mahalliy shifoxona shifokorlaridan biri.

O‘z navbatida, «Tolibon» harakatining ismini oshkor etmagan vakili masjiddagi portlash faktini tasdiqlab, u juma namozi vaqtida sodir bo‘lganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, portlash Spingar okrugida sodir bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, bu hudud «Islomiy davlat» terrorchilik guruhi jangarilari faoliyatining «o‘chog‘i» hisoblanadi.


Buyuk Britaniya Eronga 1974 yildagi shartnomaning buzilishi bo‘yicha qarzni to‘laydigan bo‘ldi

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani Eron va Britaniya 1979 yilda yetkazib berilmagan tanklar uchun Tehronga 400 million funt sterling (535 million dollar) qarzni to‘lash bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishganini aytdi, deb xabar beradi Bloomberg.

«Qarzni qaytarishning asosiy masalasi va uning darajasi kelishib olindi, biroq to‘lov usuli va jarayoni masalasi haligacha hal etilmagan», — dedi Yevropa bo‘ylab safari chog‘ida eronlik diplomat.

2012 yilda BMTning Xalqaro sudi Buyuk Britaniyani 1974 yilda International Military Services (IMS) va Eron o‘rtasida Angliya tomonidan to‘xtatilgan shartnoma uchun Eronga tovon to‘lashga chaqirdi. Bu kelishuvga ko‘ra, kompaniya Eronga 1000 donadan ortiq Britaniya tanklarini yetkazib berishga majbur bo‘lgan, biroq 1979 yilda Eronda ro‘y bergan inqilob va islomiy ruhoniylar hokimiyat tepasiga kelishi sababli London shartnoma shartlarini bajarishdan bosh tortgan. Tehron haligacha tovon ololmagan.


Aleksandr Lukashenko migrantlar Donbassdan qurol o‘tkazishga uringanini ta’kidladi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko asosan Donbassdan kelayotgan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar Belarus-Polsha chegarasidagi migrantlar lageriga o‘tkazilishi mumkinligidan xavotirda, deb xabar bermoqda Gazeta.ru nashri.

«Chegaramizda juda xavfli tendensiya mavjud, men buni taxmin qildim. Bu bizning harbiylar va Davlat xavfsizlik qo‘mitasi masalasi. Lagerdagi odamlarga qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni o‘tkazishga urinishlar bo‘lgan. So‘nggi ikki kundan beri qurol-yarog‘ o‘tkazib berilgan», — dedi Belarus prezidenti.

«Asosan, qurollar keltirilmoqda, men va rossiyaliklar bu masalani nazoratda ushlab turibmiz, Putin bilan shu mavzu bo‘yicha gaplashdik. Qurol nega keltirilmoqda? Ular bu yerda provokatsiya uyushtirmoqchi» — deya ta’kidladi u.

Lukashenkoning aytishicha, chegara atrofidagi vaziyat qattiq nazorat qilinishi lozim. «Chunki kurdlar bor. Kurdlar esa jangchilardir», — deya qo‘shimcha qilgan Belarus prezidenti.