Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga Behzod Anvarovich Musayev tayinlanmoqda, deb xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev.

Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Behzod Musayev nomzodi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilib, tasdiqlanishi kutilmoqda, deb yozadi deputat.

Behzod Musayev 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2004 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tadbirkorlik faoliyatini boshqarish mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi.

Mehnat faoliyatini 1995 yilda O‘zbekiston Milliy bankida boshlagan. 1998−2002 yillarda Moliya vazirligida ishlab, boshqarma boshlig‘idan bosh boshqarma boshlig‘i darajasiga ko‘tarilgan.

2010 yilda Davlat soliq qo‘mitasida faoliyat yuritishni boshlagan. 2010−2011 yillarda qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2018 yilning mart oyida ushbu lavozimga qayta taynilanib, o‘sha yilning may oyidan esa Davlat soliq qo‘mitasi rahbari bo‘lgan.

Prezidentning 2020 yil 14 maydagi qarori bilan bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tasdiqlangan.