Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida hujjatlarda 1998 yilda «o‘lgan» Anvar Javharov notarius hamda shahar prokurorini obro‘sizlantirish, ularga tuhmat qilganlikda ayblanib, sud qilinmoqda.

Daryo nashrining yozishicha, sud jarayonida fuqaro o‘zining tirikligini isbotlashga urinib, «Mening yurtim» telekanalining «Markaziy studiya» ko‘rsatuvida chiqish qilgani ta’kidlangan. Anvar Javharov uning «o‘lik» ekani haqida dalolat beruvchi soxta hujjatga asoslanib, uyini oldi-sotdi qilgan notarius «R.O‘.ga nisbatan Qarshi shahar prokurori A.H. hech qanday chora ko‘rmayapti, ular bir-biriga quda», degan ma’lumotni keltirgani aytilmoqda.

Bu esa bir-biriga hech qanday qarindoshchiligi bo‘lmagan notarius hamda shahar prokurori sha’nini toptagan.

Qarshi shahar 2-sonli IIB tergov bo‘limi tergovchisi Anvar Javharovni Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «g» bandida (Tuhmat) nazarda tutilganidek, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilganini qayd etgan.

Sudlanuvchi Javharov esa sudda buni tamoman rad qilgani aytilmoqda. «Men faqat va faqat o‘zimning tirikligimni isbotlashga, haq-huquqlarimni poymol qilganlarga chora ko‘rilishiga uringanman», — degan u.

Ma’lum bo‘lishicha, 1965 yil Qarshi shahrida tug‘ilgan Anvar Javharov shahar Mudofaa ishlari bo‘limida yuritilgan hisob kartochkasining qo‘shimcha ma’lumotlar bandida 1998 yil 23 iyun kuni vafot etgan deya yozilgan.

Bu ma’lumot bo‘limga 2008 yil 30 iyun kundagi 751-kirim raqamli hujjat asos bo‘lgan. Javharovning aytishicha, uning o‘limi haqidagi hujjat va ayolining soxta ishonchnoma tayyorlashi oqibatida keyinchalik u boridan ayrilgan.

«Turmush o‘rtog‘im Shahodat Sharipovaga berilgan ishonchnoma soxta, undagi imzo menga tegishli emas. Mening imzoimni soxtalashtirishdan maqsad uyimni sotib yuborish bo‘lgan. Va bunga erishishgan», — degan Anvar Javharov.

Sud noma’lum muddatga tanaffus e’lon qilgan.