Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko‘p tarmoqli klinikasida budjet mablag‘larining foydalanilishi va qonun hujjatlariga rioya etilishi holatlari bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, o‘rganishda klinika mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan budjet mablag‘larining maqsadsiz sarf qilinishi, o‘zlashtirish va talon-taroj qilish holatlari, aslida ishlamagan xodimlar uchun oylik ish haqlari to‘lab kelinganligi aniqlangan. Bundan tashqari, tibbiyot texnikalaridan foydalanish, pullik tibbiy xizmat ko‘rsatishdan tushgan mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi, davlat xaridlarini amalga oshirishda bir qator qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.

O‘rganish yakuni bo‘yicha klinika faoliyatida jami 9 mlrd 747 mln 598 ming so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Shundan 586 mln 798 ming 200 so‘mlik budjet mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilinganligi aytilmoqda.

Aniqlangan holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan klinikaning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.