DXX tomonidan «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkilotiga aloqadorligi uchun qidiruvda bo‘lgan 1995 yilda tug‘ilgan «S.S.» xorijdan O‘zbekistonga olib kelindi.

U internet tarmog‘i orqali mazkur terroristik tashkilot a’zolarining ta’siriga tushib qolgani aytilmoqda.

«U o‘zining tanishlari bilan «Telegram» messenjerida virtual guruh tashkil etib, ekstremistik oqimlar va xalqaro terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining «jihod»ga chorlovchi materiallarini unga joylab, o‘zaro muhokama qilishgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Suriyadagi «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkilotiga qo‘shilish uchun O‘zbekistondan chiqib ketmoqchi bo‘lishgani aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, huquq-tartibot idoralari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ularning noqonuniy harakatlari fosh etilgan. 2018 yilning iyun oyida «S.S.» va uning jinoiy aloqalariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan sayyor sud majlisi o‘tkazilib, unga nisbatan insonparvarlik prinsipini qo‘llagan holda 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

«Biroq, „S.S“ o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida aylanma yo‘llar orqali davlat chegarasini kesib o‘tib, Markaziy Osiyo davlatlarining biriga borgan vaqtida hibsga olingan», — deyiladi xabarda.

Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.