Rossiyalik erkak Metallica guruhidan 1 mlrd dollar talab qilib sudga ariza berdi

Rossiya fuqarosi sudga Amerikaning Metallica rok guruhidan 1 mlrd dollar undirishni talab qilib da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Da’vo Ivan Xoxlov tomonidan 2 noyabr kuni Orel viloyati arbitraj sudiga berilgan — Ria Novosti.

Arbitr huquqiy Telegram kanaliga ko‘ra, u guruhning barcha so‘zlari va musiqalari, logotipi va albom muqovalari muallifi ekanligini da’vo qilmoqda.


Yaponiya va Germaniya Tinch okeanida qo‘shma harbiy dengiz mashg‘ulotlarini boshladi

Yaponiya va Germaniya 4 noyabr kuni Tokio janubida Tinch okeanida qo‘shma harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini boshladi. Bu haqda Yaponiya o‘zini-o‘zi mudofaa qilish kuchlari qo‘mondonligiga tayanib TASS nashri xabar berdi.

Germaniya tomonidan so‘nggi 20 yil ichida Yaponiyaga tashrif buyurgan ilk harbiy kema — «Bavariya» ikki kunlik mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. Yaponiya mudofaa vaziri Nobuo Kisi juma kuni uni ko‘rikdan o‘tkazishi kutilmoqda. Yaponiyadan «Samidare» esminetsi mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.


Portugaliya Davlat kengashi parlamentni tarqatib yuborish bo‘yicha qaror qabul qildi

Portugaliya Davlat kengashi prezident Marselo Rebeloning parlamentni tarqatib yuborish va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifini ko‘pchilik ovoz bilan ma’qulladi. Endi faqat davlat rahbari tegishli farmonni imzolashi kerak. Parlament tarqatilishiga Portugaliya Kommunistik partiyasi va Chap blokning budjet loyihasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani sabab bo‘ldi, deb xabar berdi Reuters.

Iqtisodiyot vaziri Pedro Siza Viyeyra avvalroq erta saylovlar boshi berk ko‘chadan chiqishning eng yaxshi yo‘li bo‘lishi mumkinligini aytgan. U hukumat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishda davom etishini ta’kidladi. Biroq, tahlilchilarning aytishicha, parlamentni tarqatib yuborish siyosiy boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘li bo‘la olmaydi, chunki hech bir partiya parlamentda doimiy tarzda ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kiritishi qiyin.


Gruziyaning amaldagi prezidenti Saakashvilini hech qachon afv etmasligini ma’lum qildi

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili mamlakatning sobiq rahbari Mixail Saakashvilini hech qachon afv etmasligini va bu masalani boshqa muhokama qilmoqchi emasligini aytdi. Zurabishvili, shuningdek, Saakashvilini siyosiy mahbus deb hisoblamasligini ta’kidladi.

«Sobiq prezident na siyosiy mahbus, na begunoh qurbon mezonlariga to‘g‘ri keladi. U mamlakatga o‘z ixtiyori bilan va noqonuniy yo‘l bilan kelgan. Uning kelishidan maqsadi beqarorlik edi», — dedi davlat rahbari.

Shu bilan birga, u Adliya vazirligini Saakashvilini «maxsus mahbus» deb hisoblashga va uning ahvolining yomonlashishi haqidagi taxminlar mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlarga sabab bo‘lmasligi uchun uning sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik qilishga chaqirdi — TASS.


Eron 29 noyabrda yadroviy bitimga qaytishini ma’lum qildi

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bakeri-Kani 3 noyabr kuni Eron tomoni 29 noyabr kuni Venada yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi (JCPOA) muzokaralarida qatnashishini ma’lum qildi. Bu haqda Interfaks nashri xabar berdi.

«Enrike Mora (Yevropa Ittifoqining JCPOA bo‘yicha Vena muzokaralari bo‘yicha koordinatori) bilan telefon orqali suhbatda biz 29 noyabr kuni Venada muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldik», — deb yozdi Bakeri-Kani o‘zining Twitter'dagi sahifasida.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar xizmati, o‘z navbatida, ushbu sanani tasdiqlovchi press-reliz e’lon qildi. Unda muzokaralarda Xitoy, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Buyuk Britaniya va Eron vakillari ishtirok etishi ta’kidlangan.

«Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel nomidan Qo‘shma komissiyaga Yevropa tashqi ishlar xizmati bosh kotibi o‘rinbosari Enrike Mora raislik qiladi», — deyiladi xabarda.


Yaponiya bosh vaziri bir vaqtning o‘zida ikki lavozimda faoliyat yuritmoqchi

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida mamlakat tashqi ishlar vaziri lavozimini ushbu lavozimga yangi vazir tayinlangunga qadar shaxsan o‘zi bajaradi.

«Hukumatning navbatdagi tarkibiga qadar men tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaraman», — dedi u payshanba kuni jurnalistlarga. Yaponiyaning amaldagi tashqi ishlar vaziri Tocimitsu Motegi 4 noyabr kuni rasman mamlakatning hukmron Liberal-demokratik partiyasi bosh kotibi lavozimini egalladi va shu tariqa tashqi ishlar vaziri lavozimini bo‘shadi — TASS.


Fransiya prezidenti Angela Merkelni Fahriy legion ordeni bilan taqdirladi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hozirda Germaniya kansleri vazifasini bajarayotgan Angela Merkelga Faxriy legion unvonini topshirdi. Fransiyaning eng oliy mukofotini topshirish marosimi Fransiyaning Burgundiya vinochilik mintaqasida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kommersant’ nashri xabar berdi.

«Menga juda ko‘p narsani o‘rgatganingiz uchun sizga rahmat aytmoqchiman… Qadrli Angela, bizning Yevropamiz uchun qilgan barcha ishlaringiz uchun rahmat», — dedi Makron Angela Merkelni mukofot bilan taqdirlash munosabati bilan qilgan nutqida. Fransiya prezidenti Angela Merkel kansler sifatida faoliyat yuritayotib, «barcha burilishlarga qaramay», Yevropa birligini saqlashga katta hissa qo‘shganini ta’kidladi.

Faxriy legion ordeni Fransiyada 1802 yilda Napoleon Bonapart tomonidan ta’sis etilgan. U harbiylar hamda fuqarolarga tinchlik va urush davrida mamlakat oldidagi ulkan xizmatlari uchun beriladi, shuningdek, boshqa davlatlar fuqarolariga ham berilishi mumkin.


Turkiya hukumati Twitter’da Erdo‘g‘onni haqorat qilgan 30 kishiga nisbatan jinoiy ish ochdi

Turkiya Xavfsizlik bosh boshqarmasi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on haqida haqoratomuz postlar tarqatgan 30 nafar Twitter foydalanuvchisini aniqladi. Departamentning xabar berishicha, ushbu shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi ochilishiga foydalanuvchilar tomonidan Erdo‘g‘onga nisbatan «#death» (o‘lim) so‘zi bilan qo‘llangan heshteglar sabab bo‘lgan. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

Rasmiylar bunday xabarlar Jinoyat kodeksidagi haqorat qilish, prezidentga ishonchni susaytirish, dezinformatsiya va manipulyatsiya qilish moddalarini buzgan deb hisoblagan. Tergovchilar tomonidan to‘plangan hujjatlar va dalillar sud organlariga yuborilgan. Agar bu odamlar aybdor deb topilsa, qamoq jazosiga hukm qilinadi.