O‘zbekistonda davlat birinchi marta aholidan elektr energiya sotib oldi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi Rasulov Rahimjon xonadonida 6 kVt quvvatli kichik quyosh foto elektr stansiyasi o‘rnatib, ushbu stansiya orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining o‘z ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotishni boshladi.

Ushbu stansiya orqali yiliga 7 mingdan 10 ming kVt. soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

3 noyabr kuni mazkur xonadon egasi va Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi o‘rtasida «Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kichik obyektlaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida» shartnoma imzolandi.

Ushbu shartnomaga muvofiq, quvvati 1 MVt gacha (o‘zgaruvchan tok) bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari obyektlaridan, (mikro va kichik gidroelektr stansiyalardan tashqari) elektr eneriyasini «Toshkent shahar ETK» xarid qiladi.


Mazkur amaliyot Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 iyuldagi [610-son] qarori bilan tasdiqlangan «Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subektlarini yagona elektr energetika tizimiga ulash reglamenti»ga asosan amalga oshiriladi.

Bunda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan elektr energiyasini sotib olish O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi [PQ-4779-sonli] qarorida belgilangan tarifga asosan amalga oshiriladi.

«Ahamiyatlisi shu kabi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini umumiy tarmoqqa sotish — ASKUE tizimi doirasida o‘rnatilgan zamonaviy elektron hisoblagichlar orqali amalga oshiriladi», — deyiladi xabarda.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, shaxsiy quyosh fotoelektr stansiyalarini (1 MVt gacha) o‘rnatish istagida bo‘lgan fuqarolar stansiyalarini yagona energetika tizimiga ulangan holda foydalanishlari hamda o‘z ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yuqoridagi qarorlarga asosan shartnoma asosida sotishlari mumkin.

Ushbu xonadon egasi qilingan xarajatlarining bir qismini qoplab berilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 14 apreldagi [217-son] qarorida ko‘zda tutilgan kompensatsiya (30 foiz) ajratilishi bo‘yicha tuman hokimiyatiga murojaat qildi.