Vazirlar Mahkamasi Prezidiumining navbatdagi majlisida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni o‘zlashtirish, yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishni ta’minlash masalalari tanqidiy ruhda ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Yangi O‘zbekiston gazetasida maqola chop etildi.

Yig‘ilish avvalida investitsiya dasturiga muvofiq, 2021 yilning yanvar-sentabr oylari yakunlari bo‘yicha jami 10,2 mlrd dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilgani yoki ko‘rsatkich prognozga nisbatan 110 foizga ta’minlangani qayd etilgan.

Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 6,3 mlrd dolllarni (prognozga nisbatan 121%), xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari 1,5 mlrd dollarni (prognozga nisbatan 100%) tashkil etgan.

Dastur doirasida qiymati 2,9 mlrd dollarga teng bo‘lgan 160 ta yirik ishlab chiqarish obyekti va quvvatlari ishga tushirilib, 24 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.

Majlisda shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni o‘zlashtirishdagi kamchiliklar ham ko‘rib chiqilgan. Natijada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Xususan, energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmedxadjayev, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Doniyor Madirimov, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Iqboljon Ergashev, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov shular jumlasidan.

«O‘ztransgaz» AJ, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklari investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish prognozlarini ortig‘i bilan bajargani ta’kidlangan.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari mablag‘larini samarali rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olingan.