Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda budjet parametrlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbari axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yilda mo‘ljallangan davlat budjeti loyihasida, avvalo, ijtimoiy yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilgan. Xususan, ta’lim va tibbiyot tizimiga 58 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Prezident матbuот xizmati

Prezident bu mablag‘ga qo‘shimcha tarzda yana 12 trln so‘m ajratish taklifini bildirdi. Hududlardagi ehtiyoj va aholi talabidan kelib chiqib, kelgusi yilda 55 ta yangi dastur amalga oshirilishi belgilangan.

Jumladan, chekka joylarda 1600 ta bolalar bog‘chasi tashkil etish, Milliy ta’lim dasturi doirasida 40 ta yangi maktab qurish va 235 tasini ta’mirlash, darsliklarni yangilash hamda kompyuter sinflari ochish kabi ko‘plab chora-tadbirlar mo‘ljallangan.

Oliy ta’lim tizimida bakalavr yo‘nalishida davlat grantlari, magistratura va doktoranturaga qabullar sonini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurishga subsidiya berish hamda 80 mingdan ortiq talabalar ijara xarajatlarining bir qismini qoplash ko‘zda tutilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini rivojlantirish hamda hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni joriy etishga 2022 yilda jami 8 trln so‘m ajratilishi mo‘ljallanmoqda. Shundan 1 trln so‘m onkogematologiya, endokrinologiya, buyrak va jigarni ko‘chirish kabi dasturlarga yo‘naltiriladi. Koronavirusga qarshi emlanganlar sonini 17 mln nafarga yetkazish, ehtiyojmand aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar uchun ham zarur mablag‘ ajratiladi.

Davlat rahbari muallim va shifokorlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish zarurligini ta’kidlab, buning uchun qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirishni taklif qildi.

Shuningdek, uy-joylar va ijtimoiy obyektlar qurish, mahallalarni obod etish chora-tadbirlari uchun 26 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

«Bu sohalarga shu kungacha bunday katta mablag‘ berilmagan. Endi buni tartibli, samarali tarzda joy-joyiga yetkazish kerak. Shuning uchun har bir dastur bo‘yicha ajratiladigan mablag‘larni maqsadli ko‘rsatkichlar bilan bog‘lagan holda, elektron nazorat tizimini joriy etish lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Moliya vazirligiga 2022 yil 1 yanvardan tenderlarni inson omilisiz o‘tkazish tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, barcha budjet tashkilotlari buxgalteriyasini to‘liq raqamlashtirish, davlat xaridlari bo‘yicha hisob-kitoblarni elektron hisob-faktura orqali amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari budjet loyihasini mahalliy kengashlar, tadbirkorlar va aholi bilan muhokama qilish, ularning takliflarini Oliy Majlisga muhokamaga kiritish lozimligini ta’kidladi.