1 noyabr holatiga ko‘ra, dunyo miqyosida COVID-19 qurbonlari soni 5 milliondan oshdi, deya yozmoqda Associated Press. Oslodagi Tinchlik tadqiqotlari institutining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu 1950 yildan beri xalqlar o‘rtasidagi urushlarda halok bo‘lganlar soniga teng.

Ma’lumotlarga ko‘ra, COVID-19 hozirda global miqyosda o‘limga sabab bo‘luvchi holatlar orasida yurak xastaligi va insultdan keyin uchinchi o‘rinda bormoqda.

COVID-19 testini o‘tkazish imkoniyatining cheklanganligi hamda odamlar uy sharoitida tibbiy yordamsiz halok bo‘layotgani sababli, ayniqsa, Hindiston kabi dunyoning qashshoq mamlakatlarida, bu hisob-kitoblar haqiqiy holatni aks ettirmasligi mumkin. Ya’ni rasmiy statistika real voqelikdagi o‘lim holatlari sonidan kamroq bo‘lishi mumkin.

ourworldindata.org ma’lumotlari asosida «Gazeta.uz» tomonidan ishlangan

Xabarda aytilishicha, COVID-19 pandemiyasi inqirozi ikki yildan kamroq davr mobaynida nafaqat qashshoq mamlakatlar, balki birinchi darajali sog‘liqni saqlash tizimiga ega bo‘lgan boy mamlakatlarga ham yetarlicha talofat yetkazdi. Xususan, o‘rtadan yuqori yoki yuqori daromadli mamlakatlar hisoblangan AQSh, YeI, Buyuk Britaniya va Braziliyada jami dunyo aholisining bor-yo‘g‘i sakkizdan bir qismi istiqomat qiladi, ammo barcha o‘lim holatlarining deyarli yarmi aynan shu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Birgina AQShning o‘zida 740 mingdan ortiq odam koronavirus oqibatida halok bo‘lgan, bu boshqa har qaysi mamlakat bilan solishtirganda ham yuqori ko‘rsatkich.

Kolumbiya universitetidagi global sog‘liqni saqlash markazi direktori doktor Vafaa El-Sadrning ta’kidlashicha, umr ko‘rish davomiyligi uzoqroq bo‘lgan yuqori daromadli davlatlarda COVID-19ga eng ta’sirchan toifa bo‘lgan katta yoshlilar, saraton kasalligini boshdan kechirganlar va qariyalar uyida parvarishlanuvchi keksalar aholining katta qismini tashkil qiladi. Kambag‘al mamlakatlarda esa aksincha, aholi orasida bolalar, o‘smirlar va yoshlarning ulushi ko‘proq. Ularning koronavirus bilan jiddiy kasallanish ehtimoli kamroq.

Xususan, hozirda Hindistonda, may oyining boshida delta shtammi tarqalishi eng yuqori cho‘qqini qayd etganiga qaramay, kunlik o‘lim darajasi Rossiya, AQSh yoki Buyuk Britaniyaga qaraganda ancha past, ammo bu raqamlarda noaniqlik mavjud.

Alohida olingan mamlakat ichki hududlari kesimida tahlil qilinganda boshqacharoq tendensiyaga guvoh bo‘lish mumkin. Yuqori daromadli mamlakatlarda kasallanish va o‘lim holatlaridan eng kambag‘al hududlar ko‘proq aziyat chekkani kuzatilgan.

Mamlakatlarning boyligi darajasi global emlash harakatida ham rol o‘ynadi, xususan, boy mamlakatlar vaksinalarni yetkazib berishda to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda. Afrika bo‘ylab millionlab odamlar hali birinchi dozani ham olmagan bir paytda AQSh va boshqa qator davlatlar allaqachon qo‘shimcha dozalarni tarqatishmoqda. Shunga qaramay, boy davlatlar dunyoning qolgan qismiga yuz millionlab dozalarni jo‘natmoqda.

Afrika, jami 1,3 milliard aholining atigi 5 foizi to‘liq qamrab olingani holda, dunyodagi eng kam emlangan mintaqa bo‘lib qolayotganligi aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, 31 oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus asoratlaridan vafot etganlarning rasman qayd etilgan soni 1325 nafarga yetgan.