Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021 yilning 9 oyida davlat organlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 728,8 mlrd so‘mlik qonunbuzarliklar aniqlandi. Qonunbuzilish holatlariga doir hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi, deya xabar berdi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yilning hisobot davrida aniqlangan pul mablag‘lari va moddiy boyliklarning kamomadi hamda noqonuniy o‘zlashtirish holatlari (83,7 mlrd.so‘m) 2020 yilning 9 oyiga (28 mlrd.so‘m) nisbatan 3 martaga oshgan. Ushbu holatlarning asosiy qismi quyidagi vazirlik va qo‘mitalar tizimida aniqlangan, jumladan:

  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida — 23,3 mlrd.so‘m (2020 yil 9 oyida —13 mln so‘m);
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida — 17,2 mlrd.so‘m (3,9 mlrd so‘m);
  • Xalq ta’limi vazirligi tizimida — 14,4 mlrd.so‘m (15,4 mlrd so‘m);
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida — 5,7 mlrd.so‘m (3,8 mlrd so‘m);
  • Madaniyat vazirligi tizimida — 2,7 mlrd.so‘m (1 mlrd so‘m);
  • Turizm va sport vazirligi tizimida — 1,7 mlrd.so‘m (0,4 mlrd so‘m);
  • Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimida — 4,2 mlrd.so‘m (2 mln so‘m)
  • O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida — 2,2 mlrd.so‘m (0,4 mlrd so‘m);
  • Hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalarida — 2,5 mlrd.so‘m (1 mlrd so‘m).

Shuningdek, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 457,7 mlrd so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni asossiz ortiqcha to‘lanishi, qurilish ta’mirlash ishlarida narxlarni oshirib qo‘llanilishi va bajarilmagan ish hajmlarini qo‘shib yozish, tovar moddiy qiymatliklarni qimmat narxda xarid qilish kabi moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Bunday holatlar 2020 yilning 9 oyiga (101,4 mlrd so‘m) nisbatan 4,5 martaga oshgan.

Ushbu holatlar asosan quyidagi vazirlik va qo‘mitalar tizimida aniqlangan:

  • Xalq ta’limi vazirligi tizimida — 61,1 mlrd so‘m (2020 yil 9 oyda — 25,4 mlrd so‘m);
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida — 61,1 mlrd so‘m (6,9 mlrd.so‘m);
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida — 39,1 mlrd so‘m (17,7 mlrd.so‘m);
  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida — 27,3 mlrd so‘m (6,3 mlrd so‘m);
  • Madaniyat vazirligi tizimida — 18,4 mlrd so‘m (2 mlrd so‘m);
  • Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida — 10,7 mlrd so‘m (3,6 mlrd so‘m);
  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida — 7,4 mlrd so‘m (0,8 mlrd so‘m);
  • Turizm va sport vazirligi tizimida — 7,3 mlrd so‘m (1,8 mlrd so‘m);
  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida — 7,1 mlrd so‘m (0,4 mlrd so‘m);
  • Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimida — 80,9 mlrd so‘m (1,4 mlrd so‘m);
  • Hokimiyatlar huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalarida — 92,4 mlrd so‘m (5,6 mlrd so‘m);
  • Hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalarida — 5,6 mlrd so‘m (3,5 mlrd so‘m).

Davlat budjetidan 2019−2021 yillarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun cubsidiyalar ajratilishining qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 169,1 mlrd so‘m qonun hujjatlari talablariga zid ravishda sarflangani aniqlangan.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan chorvachilik sohasiga ajratilgan 7,9 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari belgilangan tartibga zid ravishda sarflanganligi aniqlandi.

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan hisobot davrida aniqlangan moliyaviy xato-kamchiliklar summasining 510,8 mlrd so‘mi budjetga qaytarilishi ta’minlandi.

Shu bilan birga, nazorat tadbirlari davomida budjet muassasalarida xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga ortiqcha rejalashtirilgan mablag‘larni qisqartirish va boshqa noqonuniy xarajatlarning to‘xtatilishi hisobiga jami 365 mlrd so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini asossiz sarflanishini oldi olindi.

budjet qonunchiligini buzganligi uchun budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 15 nafar rahbar va boshqa mansabdor shaxslariga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzilib, ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudlarga yuborildi.

Bundan tashqari, 3 847 ta nazorat tadbirlarida aniqlangan 724,1 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.