29 oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasi navbatdagi majlisda Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni keyingi besh yil davomida O‘zbekiston prezidenti lavozimiga saylangani haqidagi qarorni qabul qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

24 oktabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda ishtirok etgan saylovchilarning umumiy soni — 16 mln 212 ming 343 nafarni tashkil qilgan, shundan muddatidan oldin 421 ming 176 nafar kishi ovoz bergan.

O‘zLiDeP partiyasidan nomzodi ilgari surilgan Shavkat Mirziyoyevni — 12 mln 988 ming 964 nafar (80,1%) fuqaro qo‘llab quvvatlagan.

XDP partiyasi nomzodi Maqsuda Vorisovani esa — 1 mln 75 ming 16 (6,6%) kishi prezidentlikka munosib deb topgan.

«Milliy tiklanish» partiyasi nomzodi Alisher Qodirovga — 888 ming 515 nafar (5,5%) fuqaro ovoz bergan.

Ekopartiya nomzodi Narzullo Oblomurodov — 670 ming 641 nafar (4,1%) kishining ishonchini qog‘ona olgan.

«Adolat» nomzodi Bahrom Abduhalimovni qo‘llab-quvvatlab — 549 ming 766 nafar (3,4%) fuqaro ovoz bergan.

Haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari soni — 39 ming 443 tani yoki 0,24 foizni tashkil qildi.

Saylov kodeksiga muvofiq, prezident saylov natijalari e’lon qilingan kundan e’tiboran ikki oydan kechirtirmay Oliy Majlis yig‘ilishida qasamyod qilgan paytdan e’tiborat lavozimga kirishadi.

Ma’lumot uchun, 2016 yilgi saylovlarda Shavkat Mirziyoyevga saylovchilarning 88,61 foizi, ya’ni 15 906 724 kishi ovoz bergan edi.