Jo Bayden Rimda G20 sammitidan oldin Rim papasi bilan uchrashdi

AQSh prezidenti Jo Bayden Rim papasi Fransisk bilan uchrashish uchun Vatikanga keldi. Juma kuni Vatikan Media portalida prezident korteji jonli efirda namoyish etildi.

Shanba kuni G20 sammiti boshlanishi munosabati bilan Rimda maxsus xavfsizlik choralari ko‘rildi. Turli manbalarga ko‘ra, xavfsizlikni ta’minlash uchun huquq-tartibotni himoya qilish organlaridan 5 mingdan 10 minggacha politsiyachi jalb etilgan.

Baydenga rafiqasi Jill hamrohlik qilmoqda. Bu Baydenning Vatikanga to‘rtinchi tashrifi, lekin prezident sifatida ilk bor tashrif buyurishi sanaladi.


Olma-Otada sakkizinchi sinf o‘quvchisining o‘limidan so‘ng o‘g‘il bolalar maktabga yubkada kelishdi

Olma-Otada nufuzli Nazarboyev intellektual maktabining (NIM) o‘g‘il bolalari ma’muriyatning kiyim-kechakka bo‘lgan munosabatiga norozilik bildirish uchun yubkalarda darslarga keldi, deb xabar berdi Interfaks.

27 oktabr kuni ushbu maktabning 8-sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan. Bunga sabab, boshqa talabalarning so‘zlariga ko‘ra, u Garri Potter kitoblariga bag‘ishlangan maktab baliga yubkada kelgan. Unga kirishga ruxsat berilmagan va maktab psixologiga yuborilgan.

«Maktab kuratori bolakayni yubkada kelgani uchun kuzgi balga kiritmadi. Shundan so‘ng uni majburan maktab psixologiga olib bordi.Uni qo‘llab-quvvatlagan sinfdoshlarining har birining ismini talab qildi va ularning ismini aytib, „gunohkorni“ qo‘llab-quvvatlashga jur’at etgani uchun intizomiy jazo bilan tahdid qildi», — deya yozgan shu maktab o‘quvchisi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida. Maktab o‘quvchilarining fikricha, ularning do‘sti bosimga dosh berolmay, o‘z joniga qasd qilgan.

Ushbu o‘quvchining o‘z joniga qasd qilganini KazTAG agentligiga Olma-Ota va maktab ma’muriyati tasdiqlagan. Politsiya hodisa yuzasidan o‘z joniga qasd qilish moddasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshladi. Aytilishicha, sakkizinchi sinf o‘quvchisi hazil qilish uchun bazmga yubka kiyib kelgan.


Ilon Mask insoniyatni Marsga o‘z hisobidan olib bormoqchi

Ilon Mask AQShda «milliarderlarga soliq» qo‘yish taklifini yana bir bor tanqid qildi va o‘z pulini Marsga insoniyatni olib borish uchun sarflashni rejalashtirayotganini aytdi.

«Mening rejam — bu pulni insoniyatni Marsga olib borish va idrok uchqunini saqlab qolish uchun ishlatish», — deb yozdi Mask Twitter sahifasida. Ushbu haftada Maskning boyligi, Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 300 mlrd dollarga yaqinlashdi va u Tesla kompaniyasi aksiyalarining o‘sishi tufayli dunyodagi eng boy odamga aylandi.

AQShda demokratlarning takliflari orasida o‘ta boylar ko‘payishi tufayli soliqqa tortilganda ularga maxsus soliq joriy etish taklifi ham bor. Hozirda 700 dan ortiq amerikalik milliarderlar oddiy amerikaliklarnikidan ancha past stavkada soliq to‘laydi. Ularning aktivlari sotilmaguncha soliqqa tortilmaydi. Shu bilan birga, milliarderlar o‘z mol-mulkini garovga olib, yashash uchun banklardan osongina qarz olishlari mumkin — bu kreditlar ham soliqqa tortilmaydi, chunki ular daromad emas. Butun sxema odatda milliarderning o‘limi va ularning mol-mulkining muhim qismi merosxo‘rlariga soliqsiz o‘tkazish bilan yakunlanadi.

Demokratlar tomonidan taklif qilingan soliq hali qonunchilikda aniq belgilanmagan. Xususan, boylarning yer, ko‘chmas mulk, hashamatli buyumlar va san’at kabi ko‘plab aktivlari qiymatining yildan-yilga o‘zgarishini qanday o‘lchash mumkinligi aniq emas.


AQSh Tramp siyosatidan jabr chekkan migrantlarga 1 mlrd dollar to‘lashi mumkin

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati sobiq prezident Donald Tramp olib borgan migratsiya siyosati natijasida oilalaridan ajralib AQShning janubiy chegarasini kesib o‘tgan muhojirlarga tovon puli to‘lash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, to‘lovlarning umumiy miqdori 1 mlrd dollardan oshishi mumkin.

Qayd etilishicha, Adliya vazirligi, Ichki xavfsizlik vazirligi va Sog‘liqni saqlash va inson xizmatlari departamenti kompensatsiya rejasi ustida ishlamoqda. Unga ko‘ra, jabrlangan oilaning har bir a’zosiga sharoitga qarab 450 ming dollargacha to‘lanishi, AQSh rasmiylari bu maqsad uchun jami 1 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ ajratishi mumkin. Ayni paytda 940 ga yaqin migrant oila zararni qoplash bo‘yicha da’vo arizalari topshirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp siyosati doirasida 5500 ga yaqin qochqin bolalar ota-onalaridan ajratilgan.

AQShning 45-prezidenti muhojirlar sonini cheklash, yangi tekshiruv tartib-qoidalarini joriy etish va qabul qilingan qochqinlar sonini kamaytirish tarafdori edi. Uning siyosati doirasida ko‘plab bolalar AQShning janubiy chegarasini kesib o‘tib, o‘z oilalaridan ajralib ketishdi. 2021 yil yanvar oyida Jo Bayden AQSh prezidenti lavozimini egallab, «yangi immigratsiya siyosati»ni e’lon qildi. Bayden bu sohadagi qonunchilikni yumshatdi va boshpana izlovchilarni Meksikaga yuborish dasturini to‘xtatdi. Shundan beri AQShga kirishga urinayotgan muhojirlar oqimi sezilarli darajada o‘sdi va hozirda 200 mingdan oshib, XXI asr boshidan buyon o‘zining maksimal darajasiga yetdi.


Finlyandiyada gazetaning uch jurnalisti davlat sirlarini oshkor qilishda ayblanmoqda

Finlyandiya prokurorlari mamlakatning yirik gazetasi Helsingin Sanomat'ning uch xodimini davlat xavfsizligi sirlarini oshkor qilganlikda ayblamoqda. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

Ushbu ayblov bo‘yicha eng kam jazo muddati — to‘rt oyni, eng ko‘pi esa — to‘rt yilni tashkil etadi. Uchalasi ham ayblovlarni rad etgan.

Ayblovga ko‘ra, 2017 yilda nashr tomonidan mamlakat harbiy razvedkasi, shu jumladan Rossiyaga oid yuqori darajadagi maxfiy ma’lumotlar e’lon qilingan .

Xabar qilinishicha, «Helsingin Sanomat nashri mamlakat tashqi xavfsizligini ta’minlash uchun sir saqlanishi kerak bo‘lgan ma’lumotlarni qayta ishlagan» deya gumon qilinmoqda. Shu bilan birga, ushbu maxfiy ma’lumotlarning bir qismi haqida ma’lumotlar chop qilingan, qolgan qismi dastlabki tergov boshlanganligi sababli nashr etilmagan.