Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakili Shohjahon Abdullayev Belgradda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatida birinchi jangda nokautga uchrab, mag‘lub bo‘ldi. 86 kggacha vazn toifasida 1/16 final bosqichida unga belgiyalik 25 yoshli bokschi Viktor Shelstrayete raqiblik qildi.

Birinchi raundda 19 yoshli o‘zbekistonlik raqibidan zarba o‘tkazib yubordi va nokdaunga tushdi, lekin bahsni davom ettira oldi. Ikkinchi raundning so‘ngida esa, gong urilishiga 1 soniya qolganda Abdullayev himoyasini zaiflashtirdi va raqibining o‘ng qo‘l zarbasini o‘tkazib yubordi. O‘zbekistonlik bokschi ringga qulab tushdi va birdaniga oyoqqa tura olmadi.

Belgiyalik sportchi 1/8 finalda xorvatiyalik Damir Plantich bilan bahslashadi.

Shunday qilib, Shohjahon Abdullayev jahon chempionatidagi ishtirokini birinchi jangdan keyinoq yakunladi. U 2019 yilda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan edi, shuningdek 2021 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida bronza medali sohibi bo‘lgan.

Video

Foto