O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 oktabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmat.

Siyosiy sohada O‘zbekiston prezidenti «yagona Xitoy siyosati»ni hamda «uch yovuz kuch» — terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi qat’iy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan katta amaliy yordam, shu jumladan vaksinalar o‘z vaqtida yetkazib berilayotgani va ularni birgalikda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani uchun minnatdorlik bildirildi.

Rais Si Szinpin, o‘z navbatida, Xitoy O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar dasturini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Savdo-iqtisodiy sohada yetakchilar tovar ayirboshlash sezilarli o‘sayotganini qayd etdilar. Xitoy bozoriga zarur mahsulotlar, eng avvalo qishloq xo‘jaligi tovarlarini ilgari surish maqsadida joriy yil noyabr oyida Shanxay shahrida o‘tadigan to‘rtinchi Import tovarlar xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston faol ishtirok etishiga kelishib olindi.

Besh yillik Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini tayyorlash, unga strategik ahamiyatga ega, shu jumladan innovatsiyalar, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va elektron tijorat sohalari bo‘yicha loyihalarni kiritish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Kambag‘allikni kamaytirish masalalarida tajriba va bilim almashish muhim yo‘nalish sifatida belgilab olindi.

O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari Xitoyni mintaqa bilan bog‘laydigan va «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida Yevroosiyo transqit’aviy tranzit yo‘lagini shakllantiradigan samarali transport yo‘nalishlarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar.

Fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini emlash, sport, turizm, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjud ekani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hamkasbi va do‘st Xitoy xalqiga 2022 yilda Pekin shahrida o‘tkaziladigan qishki Olimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkazilishini tiladi.

Joriy yil yakunigacha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha qo‘shma dasturni tayyorlashga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari Afg‘onistonda mustahkam tinchlik o‘rnatish va iqtisodiy taraqqiyotga erishish masalalarini ham ko‘rib chiqdilar. Afg‘on xalqiga ko‘maklashish maqsadida SHHT va boshqa formatlar doirasidagi muloqotni davom ettirish haqida kelishuvga erishildi.

«Sinxua» agentligining qayd etishicha, Si Szinpin ikki davlat o‘rtasidagi savdo va sarmoyalar hajmini oshirish hamda raqamli moliya va transchegaraviy elektron tijorat kabi sohalardagi hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistondan ko‘proq ekologik toza va yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishga tayyor.

XXR raisi Xitoyning koronavirusga qarshi kurashishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish, shuningdek, mamlakatga vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaviy markaz qurishga yordamlashish va sog‘liqni saqlash tizimidagi salohiyatini oshirishida ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

U mintaqaviy havfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun huquq-tartibot va xavfsizlik sohasida ikki davlat aloqalarini jadallashtirishni ham taklif qildi.

«Sinxua» ma’lumotlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev «Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan odamlarga qaratilgan falsafa hamda Global taraqqiyot tashabbusini yuqori baholaydi va qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi» va «davlat boshqaruvi sohasida Xitoy tajribasini hisobga olishga tayyor».

«O‘zbekiston prezidenti O‘zbekistonning COVIDga qarshi kurashishida Xitoyning beqiyos yordami uchun minnatdorchilik bildirdi hamda O‘zbekiston Xitoyning asosiy manfaatlariga taalluqli masalalarda Xitoyni qat’iy qo‘llab-quvvatlashi, yangi koronavirusning kelib chiqishini aniqlashni siyosiylashtirishga qarshi chiqishini qo‘shimcha qildi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Amerika razvedkasi COVID-19 kelib chiqishi haqidagi ikkinchi hisobotini e’lon qilgan edi. Unda uchta taxmin ilgari surilgan. Jumladan, koronavirus Xitoy tomonidan biologik qurol sifatida foydalanish uchun ishlab chiqilmagan, Xitoy hukumati kasallikning birinchi o‘choqlari paydo bo‘lguncha COVID-19 haqida bilmagan. Shu bilan birgalikda, razvedka xodimlari xulosalar yakuni emasligini, koronavirus sun’iy ravishda ishlab chiqilgani haqidagi taxmin oxiriga qadar istisno qilinmasligini ta’kidlashgan.

O‘z navbatida, Xitoy yana bir marta Amerika tomonini koronavirus kelib chiqishi haqidagi masalani siyosiylashtirmaslik, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga bosim o‘tkazishni to‘xtatishga chaqirdi.