2020 yilga qaraganda bu yili homilador ayollarning koronavirusga chalinish holatlari ko‘payganidan kelib chiqib SSV matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Kamola Solihovaning intervyusini e’lon qildi.

Mutaxassisning fikricha, nafaqat O‘zbekistonda balki xorij mamlakatlarida ham homilador ayollarda COVID-19 klinik ko‘rinishlarda qanday kechishi ustidan chuqur tahlillar olib borilmoqda va shu orqali tegishli hulosalar qabul qilinyapti.

«Koronavirus juda yuqumli kasallik hisoblanib, homilador ayollarda oddiy insonlarga qaraganda uni yuqtirishga moyillik yuqori. Buning sababi esa bo‘lajak onalarda homiladorlik tufayli immunitet pasayishidir. Biroq agar ular o‘zlarini muntazam ravishda parvarish qilib borsa, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etsa, kasallikdan himoyalanadilar», — dedi Kamola Solihova.

Kamola Solihova. Foto: SSV matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, «infeksiya yuqqanda boshqalarda bo‘lgani kabi homilador ayollarda ham quruq yo‘tal, mushaklarda og‘riq, haroratning ko‘tarilishi, ishtahaning yo‘qligi, holsizlik, og‘ir holatlarda esa nafas qisishi kuzatilishi mumkin».

Koronavirusga chalingan onadan kasallik tug‘ilajak bolaga o‘tadimi?

So‘nggi xulosalarga ko‘ra, koronavirus yo‘ldosh to‘sig‘i orqali o‘ta olmaydi va shu tufayli homila ushbu kasallikdan himoyalanadi. Bu jihatdan infeksiya homilador ayollar uchun grippga qaraganda kamroq xavfli hisoblanadi. Ya’ni, tug‘ilgan go‘dakka dunyoga kelganidan keyin koronavirus yuqmasa, u bola sog‘lom dunyoga keladi.

Biroq shunday bo‘lsa-da, shifokor sifatida ona bo‘lishni rejalashtirayotgan ayollarimizga homiladorlikdan avval COVID-19`ga qarshi emlanishlarini tavsiya qilaman.

Bu bilan ular nafaqat o‘zlari, balki tug‘ilajak farzandini ham koronavirus infeksiyasidan asraydi.

COVID-19`ga chalingan ona go‘dagini ko‘krak suti bilan oziqlantirishi mumkinmi?

Ma’lumki, ona suti go‘dak uchun eng tabiiy va maqbul ozuqa hisoblanadi. Boisi, uning tarkibida chaqaloqning sog‘lom o‘sishi uchun zarur bo‘lgan barcha mikro va makro elementlardan tashqari uni turli yuqumli kasalliklardan himoyalovchi antitanachalar mavjud. Ya’ni, bu ozuqa bolada immunitet tizimining shakllanishida qatnashadi. Ona sutidagi immunoglobulinlar yangi tug‘ilgan chaqaloqni turli infeksiyalardan himoya qiladi, onadan bolaga immunitet o‘tishini ta’minlaydi.

Shu bois, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga chalingan onaning holatiga qarab, go‘dakni emizishga ruxsat berishni tavsiya etadi. Lekin, shuni yoddan chiqarmaslik lozimki, virus onadan bolaga asosan havo-tomchi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘li orqali yuqishi bois, onalar chaqaloqlarni parvarishlash va emizish jarayonida tibbiy niqobdan foydalanishlari, uni ishlatishdan oldin va keyin qo‘llarni yaxshilab yuvishlari hamda xonadagi barcha buyumlarni xlorli eritma bilan muntazam ravishda dezinfeksiya qilishlari lozim, degan fikrda mutaxassis.