O‘zbekiston hukumati mamlakatga «Tolibon» harakatining mafkurasi kirib kelishidan xavfsirayotganligi yo‘q, deya ta’kidladi mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Rossiya OAVlari uchun matbuot anjumanida. Bu haqda Kommersant’ nashri xabar bermoqda.

«Bugun biz toliblar mafkurasining [O‘zbekistonga] kirib kelishi bo‘yicha xavfni ko‘rayotganligimiz yo‘q. Toliblarning mafkurasi oxir oqibat o‘z Vatanini xorijiy harbiylardan ozod qilishdan iborat. Ular qandaydir mafkurani eksport qilishni boshlashiga juda ko‘p vaqt talab etiladi», — dedi Kamilov.

Vazirning fikriga ko‘ra, Afg‘onistonning yangi hukumati oldida birinchi navbatda davlat qurish va xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinish vazifalari turibdi.

«Umid qilamizki, ushbu davr mobaynida harakatning o‘zi evolyutsiya qiladi, hamda u mintaqaviy va xorijiy masalalarga xalqaro huquq asosida qanchalik ko‘p jalb qilinsa, ularning tan olingan xalqaro hamjamiyat qismi bo‘lish bo‘yicha xohishi shunchalik katta bo‘ladi va mafkura ham, harakatning, uning rahbarlarining dunyoqarashi ham o‘zgarib boradi», — deya ta’kidladi TIV rahbari.

«O‘zbekiston milliy manfaatlar, milliy g‘oya, mafkura masalalarida shunchalik aniq yo‘nalishlarni tanlaganki, bu yerga toliblarning qandaydir mafkurasini olib kirish umuman imkonsiz. Ba’zida „mana, ayollar ro‘mollarda yurishibdi, demak toliblar keladi“ deb aytishadi. Bu solishtirib bo‘ladigan narsami? Dunyoning yarmi bu urfga kirgani uchun ro‘mollarda yurishibdi, shunday emasmi?», — deya qo‘shimcha qildi Kamilov.