Rossiyalik sayyohlarning 16 foizi ishlanmaydigan kunlarda O‘zbekistonga uchmoqchi

Rossiyada 29 oktabrdan 7 noyabrgacha e’lon qilingan ishlanmaydigan kunlar e’lon qilingandan so‘ng ichki va tashqi reyslarga talab 1,5 baravarga oshdi. Rus sayyohlari eng ko‘p tanlayotgan joy O‘zbekiston bo‘lmoqda — sayohatchilarning 16,6 foizi aynan shu mamlakatni afzal ko‘rishdi, deb xabar beradi Daily Storm nashri Tutu.ru sayyohlik xizmati ma’lumotlariga tayanib. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga borish-qaytish uchun chipta narxi o‘rtacha 21 410 rublni (3,2 mln so‘mni) tashkil qilgan.

Shuningdek, sayohat qiluvchilarning 14,1% ishlanmaydigan haftada Armanistonga borishni rejalashtirgan. Rossiyadan Armanistonga borish-qaytish uchun chipta narxi o‘rtacha — 16 681 rubl (2,5 mln so‘m). Keyingi o‘rinda Turkiya eng ko‘p tanlangan davlatlar qatorida bo‘lib, ushbu davlat kurortlariga borish uchun sayyohlarning 13,5 foizi chipta xarid qilgan. Turkiyaga borish-qaytish uchun chipta narxi o‘rtacha — 25 594 rublni (3,8 mln so‘mni) tashkil qilgan.

Shuningdek:

  • Dollar kursi 2020 yil iyun oyidan beri ilk bor 70 rubldan pastga tushdi. Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani birdaniga 0,75 foizga oshirdi va endi asosiy stavka 7,5 foizni tashkil etadi. Qaror uchun asosiy omil inflyatsiya deya qayd etilgan. Markaziy bank 7,4 foizgacha ko‘tarilgan inflyatsiyani 4 foizgacha qaytarmoqchi — CBR.

Bayden Xitoy bilan sovuq urushni xohlamasligini aytdi

Vashington Xitoy bilan sovuq urushni xohlamaydi, biroq chekinmaydi. Bu haqda payshanba kuni Merilend shtatining Baltimor shahrida o‘tkazilgan ommaviy yig‘ilishda AQSh prezidenti Jo Bayden CNN telekanali orqali ma’lum qildi.

«Siz odamlardan Bayden Xitoy bilan yangi sovuq urush boshlamoqchi degan gaplarni eshitgansiz. Men Xitoy bilan sovuq urushni xohlamayman. Men Xitoy biz o‘z fikrimizdan qaytmasligimizni va qarashlarimizni o‘zgartirmasligimizni tushunishini istayman», — dedi Jo Bayden.

Bayden agar Xitoy Tayvanga xujum qilsa, uni himoya qilishga majbur ekanligini aytdi. AQSh 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzgan va Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirgan edi. Vashington Xitoy siyosatini tan olsa-da, Tayvan ma’muriyati bilan aloqani davom ettirmoqda va orolni qurol-yarog‘ bilan ta’minlamoqda. O‘tgan yili AQShning 45-prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqalar va almashuvlarni sezilarli darajada kuchaytirdi, bu esa Xitoy rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi — TASS.

Shuningdek:

  • AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni e’lon qilgan «TRUTH social» yangi ijtimoiy tarmog‘iga xakerlik hujumi uyushtirildi. Bu haqda juma kuni The New York Times nashri hujumni amalga oshirgan xakerlarga tayanib xabar berdi. «TRUTH social» hali foydalanuvchilar uchun mavjud emas, biroq xakerlar uning sinov versiyasiga kira olishganini da’vo qildi. Ular bir nechta soxta akkauntlar yaratishga muvaffaq bo‘lishgan. Xakerlar o‘z shaxslarini yashirishni tanlagan, lekin o‘zlarini Anonymous guruhiga aloqador ekanliklarini ma’lum qilgan.

Belarusda niqob rejimi bekor qilindi

Belarus Sog‘liqni saqlash vazirligi COVID-19 pandemiyasi sharoitida jismoniy shaxslar uchun majburiy niqob rejimini bekor qildi. Bu haqida RIA Novosti xabar berdi.

18 oktabr kuni Belarus Sog‘liqni saqlash vazirligi poliklinikalarda muntazam tibbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatishga qaror qilganini e’lon qildi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko epidemiologik vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishda COVID-19ga qarshi majburiy emlashlarga, niqob rejimiga rioya qilmaganlik uchun jarimalarni tanqid qilgan, shu bilan birga, muntazam tibbiy yordam ko‘rsatishni bekor qilmaslikni talab qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jarima va majburlash orqali emas, balki shaxsiy mas’uliyatini oshirish orqali infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish kerak. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, har bir inson o‘z taqdirini o‘zi xohlagancha boshqarishi kerak.


Aktyor Alek Bolduin film tasvirga olish paytida tasodifan operator va rejissyorni otib qo‘ydi

Amerikalik aktyor Alek Bolduin ishtirokidagi «Rust» filmini suratga olish paytida noto‘g‘ri otilgan qurol tufayli operator va rejissyor turli darajadagi tan jarohatlari olgan hamda operator keyinchalik kasalxonada vafot etgan. Bu haqda TMZ portali xabar berdi. Xabarga ko‘ra, voqea Nyu-Meksiko shtatida bo‘lib o‘tgan. Aktyorlar bo‘sh patronlarni o‘qqa tutishlari kerak bo‘lgan, biroq suratga olish paytida o‘q yoki uning parchasi yaqin atrofdagi ikki kishini yaralagan.

Oqibatda 42 yoshli operator Galina Xatchins tez tibbiy yordam mashinasida kasalxonaga olib borilgan. U olgan tan jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etgan. 48 yoshli rejissyor Joel Sousa esa kasalxonada og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda. Viloyat politsiya boshqarmasi operatorni o‘ldirgan o‘q Bolduinning qo‘lidagi quroldan otilganini tasdiqladi. Hodisaga inson omili sabab bo‘lganmi yoki rekvizitlar buzilganmi, hozircha noma’lum — TASS.