Rossiyada 30 oktabrdan 7 noyabrgacha ishlanmaydigan kunlar deb e’lon qilindi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat a’zolari bilan yig‘ilishda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat tufayli butun Rossiya bo‘ylab 30 oktabrdan 7 noyabrga qadar ishlanmaydigan kunlar joriy etilishi haqida e’lon qildi. Shuningdek, hudud rahbarlari belgilangan sanani kutmasdan, muddatidan oldin cheklov rejimini joriy etish huquqiga ega. Vladimir Putin agar kerak bo‘lsa ushbu dam olish kunlari 7 noyabrdan keyin uzaytirilishi ham mumkin, deya ta’kidladi. Bu haqda Ria Novosti xabar berdi.

Putin, shuningdek, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov tomonidan yig‘ilishda e’lon qilingan biznesni qo‘llab-quvvatlash tashabbusini ma’qulladi. Unga ko‘ra, zarar ko‘rgan korxonalar uchun (asosan kichik va o‘rta korxonalar xodimlari uchun) eng kam ish haqining bir baravari miqdorida bir martalik grantlar joriy qilinadi.

Rossiya hukumati ushbu cheklov muddatida biznes sohasi 60 mlrd rubl zarar ko‘rishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, to‘lovlar uchun 27 mlrd rubl kerak bo‘ladi va buning qamrovi ikki millionga yaqin odamni tashkil qiladi. Biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlash dasturi joriy qilinadi. Bunda kredit miqdori xodimlar soniga bog‘liq bo‘ladi. Kredit limiti esa 500 mln rublni tashkil qiladi.

Shuningdek:

Yevroparlament Aleksey Navalniyni Saxarov nomidagi mukofot bilan taqdirladi. Navalniydan tashqari Saxarov mukofoti uchun qisqa ro‘yxatga afg‘onistonlik ayollar va Boliviyadan kelgan huquq himoyachisi ham kiritilgan.

«Rossiya muxolifatchisi Aleksey Navalniy 2021 yilgi Saxarov mukofoti sovrindori», — deyiladi fraksiya Twitter sahifasida.

G‘oliblarni taqdirlash marosimini 15 dekabrda Strasburgda bo‘lib o‘tadigan Yevropa parlamenti yalpi majlisida o‘tkazish rejalashtirilgan. Yevropa Parlamenti har yili akademik Andrey Saxarov nomidagi mukofotni inson huquqlari va Yevropa qadriyatlarini himoya qilishga katta hissa qo‘shgan taniqli shaxslar va tashkilotlarga topshiradi. Mukofot 1988 yilda ta’sis etilgan. 2020 yilgi mukofotni Belarus ayollari olishgan.


Facebook kompaniyasi o‘z nomini o‘zgartirmoqchi

Facebook kelasi haftada o‘z nomini o‘zgartirishi mumkin, deb xabar berdi The Verge nashri. Xabarga ko‘ra, yangi nom korporatsiya tarkibidagi WhatsApp, Instagram va Oculus tarmoqlarini ham o‘zida mujassam etishi kerak.

Facebook rahbari Mark Sukerbergning 28 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Connect yillik konferensiyasida rebrending haqida batafsil ma’lumot berishi kutilmoqda. Bu yangi nom hozirda sir tutilmoqda, hatto korporatsiya rahbariyatining a’zolari ham bu haqda bilmaydi.

Nashrining yozishicha, yangi nom Facebook’ning yangi virtual ofis ilovasi Horizon bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Kompaniyaning o‘zi hozircha nom o‘zgarishi mumkinligi haqidagi ma’lumotga izoh bermadi.


Braziliya senati prezident Bolsonaruni pandemiyadagi harakatlari bilan fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘lganlikda aybladi

Braziliya Senati hisobot e’lon qilib, mamlakat prezidenti Jair Bolsonaroni pandemiya paytida qilgan harakatlari uchun qotillikda ayblash kerakligini aytdi. Shuningdek, unga jami 11 modda bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. 1200 sahifali hisobot Senatning maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli tergovga asoslangan. Mualliflarning fikricha, prezidentning aybi shundaki, u vaksinalarni o‘z vaqtida sotib olmagan, bu aholini emlash kampaniyasini murakkablashtirgan va 95 ming odamning o‘limiga olib kelgan.

Braziliya pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlardan biriga aylandi. Pandemiya boshlanganidan beri u yerda 21 milliondan ortiq odam kasallikka chalingan. O‘lim darajasi bo‘yicha (603 ming kishi) Braziliya AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda (730 ming) turadi. Vaziyatni boshidanoq virus xavfini inkor etgan prezident Bolsonaroning pozitsiyasi og‘irlashtirdi. Prezident koronavirusni «yengil gripp» deb atadi, u ot minishda va niqobsiz yig‘ilishlarda qatnashdi va o‘zi kasal bo‘lib qolganida, shifokorlarning tavsiyalariga amal qilmadi — Kommersant’.

Prezident Bolsonaroning o‘zi unga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, ularni siyosiy sabablari borligi bilan izohlagan. Ba’zi kuzatuvchilar bu ish sudda ko‘rib chiqilishiga shubha bilan qaramoqda. Buning sababi esa ayblovlarni prezidentning himoyachisi hisoblangan mamlakat bosh prokurori e’lon qilishi kerak bo‘ladi.


Buyuk Britaniyada koronavirusning «delta» shtammidan ham kuchliroq turi aniqlandi

Buyuk Britaniyada «delta» shtammidan kelib chiqqan koronavirusning AY.4.2 varianti bilan yuqadigan infeksiyalar ulushi o‘sib bormoqda va hozirda bu mamlakatda COVID-19 bilan kasallanish holatlarining 10 foizini tashkil etmoqda. Infeksiyaning yangi shakli «delta» variantiga qaraganda yuqumliligi kuchliroq bo‘lishi mumkin deb taxmin qilinmoqda, deb yozadi Financial Times.

AY.4.2 shtammi birinchi marta Buyuk Britaniyada 2021 yil iyul oyida aniqlangan. Kembrij genom tadqiqot markazi direktori Jeffri Barret va London universiteti kolleji Genetika instituti direktori Fransua Ballouning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning yangi varianti «delta» shtammidan 10−15 foizga yuqumliroq. Buyuk Britaniyada koronavirus infeksiyasining har o‘ninchi holati allaqachon yangi shtamm bilan bog‘liq ekani ma’lum qilindi.

Koronavirusning yangi shtammi paydo bo‘lishiga niqob rejimiga va ijtimoiy masofaga yetarlicha rioya qilinmasligi, shuningdek, xodimlarning kamchiligi masofadan turib ishlashi sabab bo‘lgan. sentabr oyining o‘rtalaridan buyon Buyuk Britaniyada koronavirus bilan kasallanish va o‘lim darajasi, shuningdek kasalxonaga yotqizilganlar soni yana oshdi.

AY.4.2 Yevropaning bir qancha mamlakatlarida topilganiga qaramay, u faqat Buyuk Britaniyada keng tarqalgan. Britaniya olimlari AY.4.2 ning tarqalishini istisno qilmaydi. Shunga qaramay, AY.4.2 infeksiyasining birinchi holati Isroilda aniqlangani ma’lum bo‘ldi.U yerda virus Moldovadan qaytgan 11 yoshli bolada topilgan va u darhol karantinga olingan.


Suriyada harbiylar avtobusi portlashi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi

Suriyaning Damashq shahri markazida «Rais» ko‘prigida portlash sodir bo‘ldi. SANA agentligining xabar berishicha, jangarilar ikkita portlovchi moslamani ishga tushirgan, oqibatda harbiylar ketayotgan avtobus portlab ketgan. RIA Novosti manbasining xabar berishicha, portlash oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea joyida uchinchi bomba zararsizlantirilgan. Hali hech qaysi terrorchilik guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.


Bitkoinning narxi 66 ming dollardan oshdi

Dunyoning eng qimmat kriptovalyutasi bo‘lgan bitkoin chorshanba kuni rekord darajadagi 67 ming dollarga yaqinlashdi va aprel oyida o‘rnatilgan rekordni ortda qoldirdi. Bu oyda bitkoin narxi 50% ga oshdi. sentabr oyining oxirida uning narxi 44 ming dollardan past edi. Yil oxirigacha bitkoin narxi 100 ming dollargacha oshishi kutilmoqda — CNN.